Livan janubiga otilgan raketa BMT qarorgohiga kelib tushdi
Olam
−
28 Oktabr 2023 11793 2 daqiqa
Livan janubiga otilgan raketalardan biri Birlashgan Millatlar Tashkilotining Muvaqqat kuchlari (UNIFIL) qarorgohiga kelib tushdi. Bu haqda UNIFIL rasmiy vakili Andrea Tenenti ma’lum qildi.
"Yaxshiyamki, hech kim jabrlanmadi, ammo moddiy zarar yetdi. Hozir "Moviy dubulg‘alilar" qo‘mondonligi voqea uchun qaysi tomon javobgarligini aniqlamoqda", degan u.
Tenentining qo‘shimcha qilishicha, bu Livan janubidagi uch haftalik harbiy kuchayish davomida UNIFIL shtab-kvartirasiga birinchi marta raketa tushishi emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa tinchlikparvar ob’ektlar ham zarar ko‘rgan.
"Biz barcha tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga hamda tinch aholi va UNIFIL xodimlarining xavfsizligiga tahdid soladigan har qanday harakatlarni to‘xtatishga chaqiramiz, chunki tinchlikparvar kuchlarga hujumlar xalqaro huquqni buzish hisoblanadi", deydi BMT rasmiysi.
Bildirilishicha, hujumlarga qaramay, UNIFIL o‘z pozitsiyalarida qolmoqda va keskinlikni kamaytirish hamda xavfli tushunmovchiliklarning oldini olish uchun tomonlar bilan faol ishlamoqda.
Ma’lumot uchun, “Hizbulloh” jangarilari va Isroil armiyasi o‘rtasidagi so‘nggi mojaro 2006 yilning yozida Livan janubida sodir bo‘lgan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 1701-rezolyutsiyasi chegarada o‘t ochishni to‘xtatish rejimini o‘rnatgan. U,ni hozirda 36 davlatdan 12 ming tinchlikparvar kuchlari kuzatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 oktyabr kuni ham Livan janubidagi BMT tinchlikparvar missiyasi qarorgohiga raketa kelib tushgandi.
Live
Barchasi