Livan va Saudiya Arabistoni o‘rtasida mojaro. Nizoga nima sabab bo‘ldi? 

Olam

image

Livan Axborot vaziri Georg Kordaxining Yamandagi urush bilan bog‘liq so‘zlari Saudiya Arabistoni bilan katta nizoni keltirib chiqardi. 

Bir necha kun oldin Livan ommaviy axborot vositalari Kordaxining “Al-Jazeera” telekanaliga bergan intervyusidan parchalarni e’lon qildi. Unda vazir Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab koalitsiyasining Yamandagi harakatlari tajovuzkorlik ekanini va “Ansorulloh” guruhidagi isyonchilar o‘zlarini himoya qilishga majbur bo‘layotganini aytgan. Keyinchalik u bu so‘zlar avgust oyida, vazir etib tayinlanishidan oldin bergan intervyusida aytilganini ta’kidlagan.

Livan Bosh vaziri Najib Mikati hukumati a’zosining Yamandagi urush bo‘yicha fikrlariga quyidagicha munosabat bildirdi:

“Axborot vaziri Georg Kordaxining muhokama qilinayotgan va vazirlikka tayinlanishidan bir necha hafta oldin bergan intervyusida aytilgan so‘zlariga kelsak, bunday bayonotlar qabul qilinishi mumkin emas va hukumatning rasmiy pozitsiyasini ifodalamaydi, ayniqsa Yaman masalasi hamda Livan va arab birodarlar o‘rtasidagi munosabatlar haqida”. 

O‘z navbatida, Livan Axborot vaziri Saudiya Arabistoni va BAAni ranjitmoqchi emasligini aytgan.

“Mening so‘zlarim og‘riqli urushning tugashiga sabab bo‘lsa yaxshi bo‘lardi”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Yamanning tan olingan hukumati Axborot vaziri Muammar Al-Iryaniy livanlik hamkasbining so‘zlarini izohlar ekan, shunday deb yozgan: 

“Biz Livan Axborot vaziri Georg Kordaxining yamanliklarga nisbatan hurmatsizlikni aks ettiruvchi bayonotlarini ko‘rib chiqamiz”.

Ushbu voqealar ortidan Saudiya Arabistoni o‘zining Livandagi elchisini maslahatlashuvlar uchun chaqirib olgan va Livanning podshohlikdagi elchisidan mamlakatni tark etishini talab qilgan.

“Podshohlik Livandagi elchisini chaqirib oldi, Livanning podshohlikdagi elchisidan keyingi 48 soat ichida mamlakatni tark etishini talab qildi va Livandan podshohlikka importni to‘xtatishga qaror qildi”, deb xabar bergan Saudiya Arabistoni davlat telekanali.

Livan Bosh vaziri Najib Mikati esa mojaro tufayli Axborot vaziri Georg Kordaxining iste’foga chiqishini so‘ragan.

“Mikati Kordaxidan “milliy manfaatlarni” baholab, kerakli qarorni qabul qilishni so‘radi”, deyilgan Livan telekanali xabarida. 

Ta’kidlanishicha, bugun, 30 oktyabr kuni Livanda Saudiya Arabistoni bilan yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish yo‘llarini topish maqsadida vazirlar darajasidagi favqulodda yig‘ilish o‘tkaziladi. Unga Livan Tashqi ishlar vaziri Abdulla Buhabib raislik qiladi. 

Qayd etilishicha, mamlakat tashqarisida ish safarida bo‘lgan Bosh vazir Najib Mikatining topshirig‘i munosabati bilan Buhabib mamlakat Prezidenti Mishel Aun bilan kelishilgan holda uchrashuv o‘tkazadi. 

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Bahrayn ham Livan elchisidan 48 soat ichida mamlakatni tark etishni talab qilgan. Qayd etilishicha, bu qaror mamlakatda doimiy yashovchi livanliklarga taalluqli emas.


Maqola muallifi

Teglar

Saudiya Arabistoni Yaman Livan

Baholaganlar

127

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing