Livan qarshiliklari tarixida jiddiy mag‘lubiyatga uchradik – Nasrulloh
Olam
−
19 Sentabr
12568“Hizbulloh” Bosh kotibi Hasan Nasrullohning aytishicha, Isroilning so‘nggi hujumlari Livandagi qarshilik tarixiga jiddiy zarba bo‘lgan. Bu haqda u bugun, 19 sentyabr kuni televideniye orqali qilgan chiqishida so‘z ochdi.
Nasrullohning qayd etishicha, portlashlar oqibatida ko‘pchilik odamlar ko‘zlaridan jarohat olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, shifoxonalar gavjumligining sababi ham shu. Uning aytishicha, portlashlarning aksariyati shifoxonalar, bozorlar, yo‘llar va asosan ayollar va bolalar bo‘lgan uylarda sodir bo‘lgan.
"Isroil qizil chiziqni kesib o‘tdi. Isroil seshanba kungi portlashlar bilan bir daqiqada 4 ming odamni o‘ldirmoqchi bo‘lgan, seshanba va chorshanba kunlari esa 2 daqiqada 5 ming odamni o‘ldirishni maqsad qilgan. Isroilning so‘nggi ikki kundagi hujumlari Livan xalqiga qarshi urush e’lonidir", deydi Nasrulloh.
Bosh kotibning aytishicha, Isroil texnologik jihatdan Livandan ustundir, chunki uni NATO va AQSH qo‘llab-quvvatlaydi.
“Hizbulloh" tomonidan 8 oktyabrdan beri ochilgan qo‘llab-quvvatlash fronti Isroilga jiddiy zarba berdi va bu hujumlar buning dalilidir. Seshanba va chorshanba “Hizbulloh” uchun og‘ir va qonli kunlar edi. Bu og‘riqli va kuchli zarba bizni yo‘q qilmagan va yo‘q qilmaydi. Ulardan olgan saboqlar evaziga kuchayib boramiz”, deydi u.
“Hizbulloh” yetakchisining aytishicha, Livan frontining eng katta dastak va bosim frontlaridan biri bo‘lib, Isroil shuning uchun ham Livan frontini to‘xtatishga harakat qilgan. Isroilning oldingi barcha harakatlariga qaramay, qarshilik fronti yopilmagan, shuning uchun u bu hujumlarga murojaat qilgan.
Nasrullohning aytishicha, seshanba kuni rasmiy va norasmiy kanallar orqali hujumlar Livan frontini yo‘q qilish hamda Livan va G‘azoni bo‘lib tashlashga qaratilgani haqida xabar berilgan.
“G‘azodagi hujumlar to‘xtamaguncha Livan jabhasi yopilmaydi. Buni avval ham aytgan edik va bu hujumlardan keyin ham aytyapmiz. Shimoldagi isroilliklar urush tugamaguncha uylariga qayta olmaydi”, deydi u.
Nasrulloh Tel-Aviv ma’muriyatining isroilliklarni o‘z uylariga qaytarish borasidagi sa’y-harakatlari haqida gapirar ekan, shunday dedi:
“Isroilliklar shimolga qaytmaydi. Ular uchun qaytishning yagona yo‘li urushni tugatishdir. Keling, buni qilaylik”.
Hasan Nasrulloh isroilliklar Livan hududida xavfsizlik koridorini yaratish haqida gaplashayotganini va agar ular bunga harakat qilsa, tegishli javob olishlarini eslatdi.
“Agar siz Livan hududida xavfsizlik koridorini yaratsangiz, bu koridor siz uchun pistirma va do‘zaxga aylanadi”, deb tahdid qildi Bosh kotib.
Isroilning ushbu hujumlariga javob choralari haqida gapirar ekan, Nasrulloh shunday dedi:
“Seshanba va chorshanba kunlari sodir bo‘lgan voqealarga javob adolatli qasos bo‘ladi, uning vaqtini, joyini va tabiatini o‘zimiz belgilaymiz”.
Eslatib o‘tamiz, 17 sentyabr kuni Livanning turli hududlarida “Hizbulloh” a’zolarining peyjerlari portlagan edi. Hodisa oqibatida 2,8 mingga yaqin odam jarohat olgan, 12 kishi halok bo‘lgan, ular orasida 10 yoshli qiz ham bor. Livan xavfsizlik xizmatidagi yuqori martabali manba va boshqa suhbatdoshiga tayanib, “Reuters” Isroilning “Mossad” razvedka xizmati peyjer portlashlaridan bir necha oy oldin Livandagi “Hizbulloh” harakati tomonidan buyurtma qilingan Tayvanning Gold Apollo kompaniyasining 5000 peyjeriga oz miqdorda portlovchi moddalar o‘rnatganini xabar berdi. Gold Apollo kompaniyasi esa “Hizbulloh” tomonidan buyurtma qilingan peyjerlarni ishlab chiqarishga aloqasi yo‘qligini aytdi. Unga ko‘ra, Budapeshtda ro‘yxatdan o‘tgan BAC Consulting KFT kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, BAC Tayvan brendidan foydalanishi mumkin, lekin mahsulotni mustaqil ravishda ishlab chiqaradi. AQSH Mudofaa vazirligi ham Livanda “Hizbulloh” a’zolari tomonidan foydalaniladigan peyjerlarning ommaviy portlashiga aloqadorligini rad etdi.
Kecha, 18 sentyabr kuni esa Livan sharqidagi Bekaa hududida aloqa vositalari ommaviy tarzda portlab ketdi. Hodisa oqibatida 3 kishi halok bo‘lgan.
Ertaga, 20 sentyabr kuni tushdan keyin Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Livandagi voqealarni muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi.
LiveBarchasi