Livan Eron elchisini mamlakatdan chiqarib yuborishga qaror qildi
Olam
−
08:34 2045 1 daqiqa
Livan Tashqi ishlar vazirligi Eronning Bayrutdagi elchisining akkreditatsiyasini bekor qilib, uni “persona non grata” deb e’lon qildi. Bu haqda vazirlikning rasmiy saytida xabar berildi.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, diplomat hafta oxirigacha mamlakatni tark etishi kerak.
Ma’lum qilinishicha, vazirlik Eronning Livandagi muvaqqat ishlar vakili Tavfiq Samadi Xoshhoni chaqirib, unga ushbu qarorni yetkazgan. Qarorga ko‘ra, Eronning tayinlangan elchisi Muhammad Rizo Shayboniyning akkreditatsiyasi bekor qilingan.
Shuningdek, Livan o‘zining Tehrondagi elchisini maslahatlashuvlar uchun chaqirib olgan. Bu qaror Livan tomonidan Eronning diplomatik munosabatlar normalarini buzgan deb baholanishi fonida qabul qilingan.
Bundan tashqari, Livan TIV Birlashgan Arab Amirliklariga qarshi “terrorchilik fitnasi”ni keskin qoralab, unda “Hizbulloh” ishtirok etganini tanqid qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroilning shimoliy va markaziy hududlari keng ko‘lamli raketa hujumiga uchragandi. Isroil Mudofaa armiyasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat hududiga “Hizbulloh” tomonidan taxminan 150 ta raketa uchirilgan. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bayonot berib, Isroilga hujum “Hizbulloh” bilan hamkorlikdagi va muvofiqlashtirilgan operatsiya ekanligini aytgan. Isroil rasmiylari bu ma’lumotni tasdiqlamagan.