Litvada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tmoqda
Olam
−
12 may 2024
3536Litvada bugun, 12 may kuni prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. 2,5 millionga yaqin saylovchi kelasi besh yil ichida Litvada oliy davlat lavozimini kim egallashini hal qiladi. Bu haqda “Delfi” xabar berdi.
So‘rovlar Litvani 2019 yildan beri boshqarib kelayotgan 59 yoshli professional iqtisodchi Gitanas Nauseda aniq favorit ekanligini ko‘rsatmoqda. Unga qarshi yana yetti nafar nomzod raqobatlashmoqda.
Saylov uchastkalari Toshkent vaqti bilan soat 22:00da yopiladi, birinchi natijalar 13 mayga o‘tar kechasi e’lon qilinishi kutilmoqda. Nomzodlardan hech biri mutlaq ko‘pchilik ovozga ega bo‘lmasa, 26 may kuni Litvada saylovning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi, unda eng muvaffaqiyatli ikki nomzod uchrashadi.
Ayni paytda mamlakatda ikki fuqarolikni joriy etish bo‘yicha referendum o‘tkazilmoqda.
Saylov kampaniyasi Ukrainadagi urush va uning Litva milliy xavfsizligi uchun oqibatlari, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy mavzularga qaratildi. Litva Yevropa Ittifoqi va NATO a’zosi bo‘lib, Rossiyaning Kaliningrad viloyatidagi anklav va Belarus bilan chegaradosh. Kelgusi yillarda bu davlat NATOning ehtimoliy harbiy amaliyotlari uchun muhim bazaga aylanadi. Yevropadagi xavfsizlik vaziyatidagi o‘zgarishlar va Rossiyaning agressiv harakatlari fonida Germaniya Litva hududiga besh minggacha askardan iborat Bundesver brigadasini joylashtirishga va’da bergan.
LiveBarchasi