Litvada markaziy osiyolik migrantlar soni 14 baravarga oshdi

Olam

image

Litva razvedkasi mamlakatda markaziy osiyolik migrantlar soni 2021 yildan beri 14 baravarga oshganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng, mamlakat Bosh vaziri Ingrida Shimonite ularning umumiy soni hali ham juda oz ekanini va bu raqamlarni jamoatchilikni qo‘rqitish uchun foydalanilmaslik zarurligini ta’kidladi. Bu haqda LRT xabar berdi.

“Ma’lumki, mehnat bozoridagi ehtiyojlar ilgari Ukraina va Belarusdan kelgan migrantlar hisobiga qondirilgan bo‘lsa, urush boshlangach, ishchi kuchi tuzilmasida katta o‘zgarishlar yuz berdi. Bu o‘zgarish Markaziy Osiyo aholisining hisobiga ham amalga oshdi. Ushbu odamlarning soni, albatta, juda kichik raqamlarda ko‘paydi”, dedi Ingrida Shimonite.

Qayd etilishicha, Litva Davlat xavfsizligi departamenti rahbari Darius Yaunishkis avvalroq uning agentligi barcha migrantlarni tekshirish imkoniyatiga ega emasligini va bu razvedka hamda terrorizm xavflarini yuzaga keltirayotganini bildirgan.

Shimonite Yaunishkisning bayonotini hukumat kelgusi yil uchun byudjetni ishlab chiqayotgan bir paytda departamentga moliyaviy yordamni oshirish chaqirig‘i sifatida ko‘rish mumkinligini ta’kidlagan.

Litva Migratsiya departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 1 oktyabr holatiga Litvada 10 600 nafar atrofida o‘zbekistonlik istiqomat qilmoqda. Yil boshida bu raqam 8200, 2022 yil boshida esa bor-yo‘g‘i 998 nafar bo‘lgan. 

“Hozirda O‘zbekiston fuqarolari Litvadagi to‘rtinchi eng katta diasporani tashkil etmoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilning dastlabki to‘qqiz oyida mamlakatga Tojikistondan kelgan migrantlar soni 5700 dan 7200 kishiga oshgan. Qirg‘iziston fuqarolari soni esa 2000 kishidan 6600 kishiga ko‘tarilgan. Ukrainaliklar Litvadagi eng katta diaspora bo‘lib qolmoqda – ularning soni 77 500 kishini tashkil etadi. Mamlakatdagi belarusliklar soni 61 300, Rossiya fuqarolari esa 15 300 nafar.

Bildirilishicha, ayni paytda Litvada 222 000 nafar chet ellik istiqomat qilmoqda (2,3 million aholining 7,8 foizi).

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2023 yilda 7,5 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Litvada (Yevropa Ittifoqi davlati) yashashga ruxsat olgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

migrant Litva markaziy osiyolik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing