“Listapad” kinofestivalida o‘zbekistonliklar to‘rtta mukofotga sazovor bo‘ldi
Madaniyat-san’at
−
12 noyabr 2022
57277-11 noyabr kunlari Belarus poytaxti Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan “Listapad” xalqaro kinofestivalida O‘zbekiston vakillari to‘rtta xalqaro mukofotga sazovor bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Kinematografiya agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu kinofestivalda 40 dan ortiq mamlakatdan 100 ga yaqin filmlar ishtirok etdi. “Listapad” kinofestivalining “Eng yaxshi rejissyor uchun” mukofoti Shuhrat Mahmudovning “Matonat” hujjatli filmiga topshirildi. Film Ikkinchi jahon urushi yillarida Germaniyaning “Amersfort” lageridagi 101 nafar o‘zbekistonlik askarlarning jasorati va shijoatiga bag‘ishlangan.
Rejissyor Dilmurod Masaidov tomonidan suratga olingan “Ayol qismati” badiiy filmi “Insonparvarlik va umuminsoniy qadriyatlar mavzusining dolzarbligi uchun” nominatsiyasida maxsus mukofotga sazovor bo‘ldi. Film Suriyada jangarilar tomonidan aldanib, ozodlik sari qiyin yo‘lni bosib o‘tgan ayol haqida hikoya qiladi.
Yosh kinorejissyor Akrom Shahnazarov tomonidan suratga olingan “101 reys” badiiy filmi esa davlatlararo “Mir” teleradiokompaniyasining “Kino tili – do‘stlik tili” nominatsiyasining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.
Shuningdek, MDH davlatlari kinematograflarining ishchi yig‘ilishida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov MDH Ijroiya qo‘mitasining “MDHga a’zo davlatlar kinematografiya sohasidagi hamkorligini rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun” diplomi bilan taqdirlandi.
Xabarda qo‘shimcha qilinishicha, O‘zbekiston MDH davlatlari orasida ishlab chiqarilayotgan qo‘shma mahsulotlar (ko-produksiya) soni bo‘yicha yetakchi deb tan olingan. Aynan shuning uchun ham Minskda bo‘lgan Kinematografiya rahbarlari yig‘ilishida MDH davlatlari kinematograflari xalqaro ijodiy alyansi shtab-kvartirasini O‘zbekiston raisligida Toshkent shahrida joylashtirish to‘g‘risidagi qaror bir ovozdan qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 1-5 noyabr kunlari Turkiyaning Bursa shahrida bo‘lib o‘tgan “Qo‘rqut ota” II turkiy xalqlar kinofestivalida Dilmurod Masaidovning “Ayol qismati” filmi “Qo‘rqut ota” kinofestivalida “Eng yaxshi badiiy film”, Furqat Usmonovning “Inson” filmi “Eng yaxshi hujjatli film” nominatsiyasi bo‘yicha Gran-priga sazovor bo‘lgan edi.
LiveBarchasi