Turkiyadagi kinofestivalda o‘zbekistonlik ijodkorlarning qo‘yni-qo‘nji mukofotlar bilan to‘ldi
Madaniyat-san’at
−
06 noyabr 2022
316971-5 noyabr kunlari Turkiyaning Bursa shahrida bo‘lib o‘tgan “Qo‘rqut ota” II turkiy xalqlar kinofestivalida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi va qator kino ijodkorlar sovrinli o‘rinlarga loyiq deb topildi.
Kinofestival doirasida, 4 noyabr kuni “O‘zbek kino kunlari” ijodiy kechasi ham tashkil etilgan bo‘lib, Dilmurod Masaidovning “Ayol qismati”, Akrom Shoxnazarovning “101 reys”, Ibrohim Rasulovning “Muhabbat bahori” va Furqat Usmonovning “Inson” ko‘p qismli hujjatli filmlari namoyish etilgan.
Kecha, 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida Kinorejissyor Dilmurod Masaidovning “Ayol qismati” filmi “Qo‘rqut ota” kinofestivalida “Eng yaxshi badiiy film” nominatsiyasida Gran-priga sazovor bo‘ldi.
“Eng yaxshi hujjatli film” nominatsiyasi bo‘yicha Gran-pri “Inson” filmi uchun rejissyor Furqat Usmonovga topshirildi.
Shuningdek, Turk madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyeva taqdirlangan, ammo, mukofotni aktrisa Rayhon Ulasenova qabul qilib olgan.
Yana bir o‘zbekistonlik aktrisa Yulduz Rajabova “Turksoy” maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.
Turk madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun “Mendirman Jaloliddin” seriali prodyuseri va ssenariy muallifi Mehmet Bo‘zdog‘ taqdirlandi. Unga mukofotni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov topshirgan.
Ma’lumot o‘rnida, ikkinchi marotaba o‘tkazilgan “Qo‘rqut ota” kinofestivalida bu yil 17 mamlakatdan 50 dan ziyod kino asarlar ishtirok etgan.
LiveBarchasi