“Lill” darvozaboni tarixiy natijaga erishdi
Sport
−
03 Oktabr 2028 1 daqiqa
Kecha, 2 oktyabr kuni Fransiyaning “Lill” klubi darvozaboni Berke Ozer Yevropa ligasi 2-turidan o‘rin olgan “Roma”ga qarshi bahsda tarixiy natija qayd etdi. Turkiyalik posbon safardagi o‘yinda 5 daqiqa ichida ketma-ket 3 ta penaltini qaytarib, jamoasiga muhim 1:0 hisobidagi g‘alabani kafolatladi.
Uchrashuv Rimdagi “Olimpiko” stadionida kechdi. Birinchi bo‘limda himoyada ishonchli o‘yin ko‘rsatgan Ozer ikkinchi bo‘limda haqiqiy qahramonga aylandi. Uchrashuvning 80-daqiqasida “Roma” hujumchisi Artyom Dovbik penaltini amalga oshirdi, biroq Ozer zarbani qaytardi. Shunga qaramay, hakam Erik Lambrexs VAR yordamida darvozabon zarba berilishidan oldin chiziqni tark etganini aniqladi va zarbani qayta tepishni buyurdi. Ozer qayta tepilgan zarbani ham bartaraf etishga erishdi. Uchrashuvning 85 daqiqasiga “Roma” yana penalti tepish huquqiga ega bo‘ldi. Bu safar Matias Soule zarba berdi, ammo Ozer uni ham qaytardi. Natijada Ozer atigi 5 daqiqa ichida ketma-ket uchta penaltini bartaraf qilib, Yevropa Ligasi tarixida bunday yutuqqa erishgan kam sonli darvozabonlar qatoridan o‘rin egalladi.
Ma’lumot uchun, Bu natija bilan “Lill” guruh bosqichida 2-turdan so‘ng 6 ochko bilan yetakchilik uchun kurashni davom ettirmoqda. “Roma” esa kutilmagan mag‘lubiyatdan so‘ng 3 ochko to‘plagan holda 15-pog‘onada bormoqda.
Live
Barchasi