Lixtenshteyn knyazligi taxt vorisligi qoidalarini o‘zgartirdi
Olam
−
15:37 490 2 daqiqa
Lixtenshteyn knyazlik xonadoni taxtni faqat erkaklar tomonidan meros qilib olish qoidalarini bekor qildi. Ma’lum bo‘lishicha, knyazlikda erkaklar primogeniturasidan (taxtni otadan to‘ng‘ich o‘g‘ilga o‘tish prinsipi) absolyut primogenitura foydasiga voz kechilmoqda. Endilikda jinsidan qat’i nazar, eng to‘ng‘ich farzand taxt vorisi bo‘lishi mumkin. Bu haqda kecha, 15 avgust kuni e’lon qilingan press-relizda so‘z boradi.
O‘zgarishlar xonadonning barcha a’zolarining uchdan ikki qismi ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilingan. Ular faqat taxt vorisi shahzoda Alois va uning rafiqasi Sofiyaning farzandlaridan kelajakdagi avlodlarga daxldor bo‘ladi. Ularning to‘rt nafar farzandi bor.
Alois 20 yildan ortiq vaqtdan beri davlat rahbari vazifasini bajarib kelmoqda, garchi rasman uning otasi — shahzoda Hans-Adam II yetakchi hisoblansa-da. U 2004 yilda vakolatlarining katta qismini to‘ng‘ich o‘g‘liga topshirgan.
Endi taxtni meros qilib olish gender mansubligiga emas, balki faqat tug‘ilish tartibiga asoslanadi. Jinsi o‘g‘il yoki qiz ekanidan qat’i nazar, to‘ng‘ich farzand taxtni meros qilib oladi. Ayollar, shuningdek, Knyazlik xonadoni ichida qarorlar qabul qilishda ishtirok etish bo‘yicha teng huquqlarga ega bo‘ladi.
“Qonunga kiritilgan ushbu o‘zgarish bilan biz Lixtenshteyn knyazligini ham, knyazlik xonadonini ham ushbu vazifaga eng yaxshi tayyorlangan inson boshqarishini ta’minlamoqchimiz”, deb tushuntirdi taxt vorisi shahzoda Aloisning o‘zi.
Mahalliy “Lie24” nashrining qayd etishicha, ushbu islohot knyazlik oilasi ichidagi uzoq davom etgan muhokamalar natijasi bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, aholisi 40 mingga yaqin bo‘lgan ushbu knyazlik boshqa Yevropa mamlakatlari fonida ancha konservativ hisoblanadi. Masalan, mamlakatda ayollar ovoz berish huquqini yaqinda — 1984 yildagina qo‘lga kiritgan. O‘tgan yili hukumat rahbari lavozimiga ilk bor ayol kishi saylangan: u huquqshunos Briggita Xaas bo‘lgan.
Live
Barchasi