“Lezviye bilan qornini va qo‘llarini 3-4 marotaba tilgan”. Qamoqxonada suiqasd bo‘lganiga munosabat bildirildi

Jamiyat

image

Qashqadaryodagi qamoqxonada 19 yoshli yigit o‘z joniga qasd qilgani, buni koloniya xodimlari tomosha qilib turgani haqida xabar berilgandi. Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish departamenti holat bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, mahkum Jasur Dehqonov 2002 yil Surxondaryo viloyatining Denov shahrida tavallud topgan. Muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi, 109-moddasi 2-qismi, 112-moddasi 1-qismi bilan sudlangan, hozirda 166-moddasi 2-qismi bilan sudlanib, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Joriy yilning 16 iyunidan Qashqadaryo viloyatidagi 35-son manzil koloniyasida jazo muddatini o‘tab kelmoqda. Ushbu manzil koloniyasiga kelgan kunidan boshlab unga muassada o‘rnatilgan ichki tartib qoidalar yozma ravishda tanishtirilgan.

Koloniyaning shifokorlik punktida birlamchi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, mahkumda “O‘tkazilgan bosh miya jarohatidan keyingi holat” (anamnezi) mavjudligi aniqlanib, dispanser nazoratiga olingan.

Shuningdek, psixologlarning birlamchi suhbat xulosasida, mahkum J.Dehqonov negativ hulqqa ega ekani, boshqalar bilan bo‘lgan munosabatlarda o‘zini boshqara olmasligi, axloq qoidalariga zid keladigan harakatlar sodir etishga moyilligi, tartib qoidalarga rioya etmasligi, xissiyotini jilovlay olmasligi qayd etib o‘tilgan.

“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan xabarlarda, mahkum J.Dehqonov tomirlarini kesish yo‘li bilan o‘z joniga qasd qilgani ko‘rsatib o‘tilgan.

Holat yuzasidan Qarshi maxsus prokuraturasining tekshiruviga ko‘ra, mazkur xabar xaqiqatga mos kelmasligi aniqlangan”, deyiladi departament xabarida.

Mahkum J.Dexqonov, joriy yilning 20 avgust kuni 35-sonli manzil koloniyasida joylashgan oziq-ovqat do‘konida maxsulot xarid qilishi vaqtida shu do‘konga kirib kelgan koloniya xodimlari A.N.To‘laganov va X.U.Yo‘ldoshevni ko‘rib, ularga “senlar meni ortimdan kuzatib yuribsanlarmi”, deb e’tiroz bildirgan.

Shu payt xodimlar tomonidan mahkum J.Dehqonov tartibga chaqirilgan. Lekin uning salbiy xatti-harakatlari ortidan o‘rtada o‘zaro kelishmovchilik yuzaga kelgan va o‘ziga nisbatan jazo chorasi qo‘llanishi mumkinligidan qo‘rqib, do‘kondan xarid qilgan soqol olish uchun mo‘ljallangan olmos bo‘lagi (lezviye) bilan qornini va qo‘llarini 3-4 marotaba tilgan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra o‘ziga “yengil shikast” ko‘rinishida tan jarohati yetkazgan.

Shuningdek, departament mahkum J.Dehqonovning “lezviya bilan tomirlarini kesayotganini qamoqxona xodimlari shaxsiy telefoniga videoga olib turgan. Ustidan kulib, izza qilishgan”ligi haqidagi ma’lumotga ham izoh bergan.

“Mazkur holat aks ettirilgan videolavha biror bir ijtimoiy tarmoqlardan aniqlanmadi, shuningdek xodimlar tomonidan g‘ayriqonuniy hatti harkatlar sodir etilganligi haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi ma’lum bo‘ldi”, deya ta’kidlangan.

Hozirda Qarshi maxsus prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, qamoqxonadagi holat bo‘yicha Bosh prokuratura ham munosabat bildirib, Qarshi maxsus prokurori tomonidan koloniya xodimlariga nisbatan ish ochilganini rad qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

qamoqxona Qarshi

Baholaganlar

404

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing