Leo XIV Vatikan taxtiga o‘tirdi (fotoreportaj)

Olam

image

Bugun, 18 may kuni Vatikanda 267-chi Rim yepiskopi Leo XIV xizmatining rasmiy boshlanishi (taxtga o‘tirishi) munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Jarayon Vatikan yangiliklar portalida jonli efirda translyatsiya qilindi.

Rim-katolik cherkovining boshlig‘i papa hokimiyatining timsollarini – “baliqchi uzugi” va palliumni (qo‘y junidan qilingan, ustiga xochlar tikilgan lenta) qabul qildi. Shu paytdan boshlab uning pontifikati rasman boshlandi.

Yangi papa Avliyo Pyotr maydonidagi marosimda cherkovni tinchlik va birdamlikka chaqirdi va “Yer resurslaridan foydalanadigan va eng kambag‘allarni chetga suradigan” iqtisodiy haqiqatni qoraladi.

Leo XIV marosimda dunyodagi 1,4 milliard Rim katoliklarining yetakchisi sifatida bugungi muammolardan qaytmasligini va hech bo‘lmaganda qashshoqlikka qarshi kurash va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi ijtimoiy masalalarda oldingi Rim papasi Fransisk merosini davom ettirishini aytdi.

Pontifikning so‘zlariga ko‘ra, kardinallar “xristian dinining boy merosini saqlab qolishga qodir va ayni paytda bugungi dunyoning muammolari va qiyinchiliklariga qarshi turish uchun kelajakka intiluvchi” odamni tanlagan.

“O‘z murojaati davomida Leo XIV yetti marta “birlik” va “birlashgan” so‘zlarini va to‘rt marta “uyg‘unlik” so‘zini ishlatdi”, deb yozdi “Reuters”agentligi.

Rim papasining taxtga o‘tirish marosimiga xorijiy davlatlar, qirollik xonadonlari va diniy konfessiyalardan 150 dan ortiq delegatsiyalar kelgan. Ular orasida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens va Davlat kotibi Marko Rubio, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen, Ispaniya va Belgiya qirollari Filipp VI va Filipp hamda boshqa ko‘plab jahon yetakchilari bor edi.

Marosim boshida Vens Zelenskiy bilan qo‘l berib ko‘rishdi. Oxirgi marta ular fevral oyida Oq uydagi janjal paytida bir-birlarini ko‘rishgan.
Ayni paytda Rim papasi Leo XIV Vladimir Zelenskiy bilan birinchi shaxsiy auditoriyasini o‘tkazadi.

“Ukraina adolatli va mustahkam tinchlik bo‘yicha muzokaralar nihoyat amalga oshishini kutmoqda”, dedi pontifik uchrashuv oldidan.

Leo XIV 8 may kuni yakunlangan konklavdan so‘ng Rim-katolik cherkovining boshlig‘i bo‘ldi. U Amerika Qo‘shma Shtatlaridan chiqqan birinchi papa bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Rim papasi Vatikan Leo XIV

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing