Lavrov samolyotiga xorijda yonilg‘i quyishdan bosh tortishayotganidan shikoyat qildi
Olam
−
15 noyabr
5913Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov parvoz qiladigan “Rossiya” maxsus parvoz otryadining samolyoti Ukrainada urush boshlanganidan keyin kiritilgan sanksiyalar tufayli boshqa mamlakatlarda yonilg‘i quyishda muammolarga duch kelmoqda. Bu haqda vazir “Noviy mir” loyihasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bunday qiyinchiliklar, xususan, Janubiy Afrika va Braziliyada yuzaga kelgan. U 2023 yilda Yoxannesburgdagi BRICS sammitida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin nomidan ishtirok etish uchun Janubiy Afrikaga borganida ortga qaytish bo‘yicha “butunboshli voqea” ro‘y bergan.
“Ma’lum bo‘lishicha, aviatsiya yonilg‘isi bilan ishlaydigan deyarli barcha kompaniyalar Janubiy Afrikaga tegishli emas”, deydi Lavrov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, xuddi shunday holat uning BRICS’ning boshqa davlati – Braziliyaga tashrifi chog‘ida ham sodir bo‘lgan.
“Yonilg‘i quyishning iloji bo‘lmadi. Albatta, bu odamning g‘ashiga tegadi”, deydi vazir.
Lavrovning aytishicha, u uchinchi davlatlar ikkilamchi sanksiyalardan qo‘rqsa-da, u yerda cheklov choralariga rioya qilish zarurati tufayli muqarrar ravishda o‘z suvereniteti uchun norozilik shakllanyapti va kuchayyapti.
“Dunyodagi mamlakatlarning yarmidan ko‘pi sanksiyalar ostida. Albatta, ular Rossiya, Shimoliy Koreya, Eron va Venesuelaga nisbatan qo‘llangan sanksiyalar kabi emas. Ular hozir bunday darg‘azab ekanining sababi - Xitoy Amerikani tez va ishonchli tarzda ortda qoldirib ketmoqda”, deydi Tashqi ishlar vaziri.
Ma’lumot uchun, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri G‘arb davlatlari Rossiya iqtisodiyotining butun tarmoqlariga sanksiyalar joriy qildi, Yevropa Ittifoqi esa rus samolyotlari uchun havo yo‘llarni yopdi. AQSH, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya tomonidan Lavrovga qarshi shaxsiy sanksiyalar qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sergey Lavrov 2024 yilning dekabr oyida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Maltaga borishni rejalashtirayotgani xabar berilgandi. Ammo Malta elchixonasi Yevropa Ittifoqi tomonidan Sergey Lavrovga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar bilan bog‘liq vaziyatga izoh bermagan.
Lavrov Yevropa Ittifoqiga oxirgi marta Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanishidan oldin – 2021 yilning dekabrida Shvetsiya poytaxti Stokgolmda bo‘lib o‘tgan YeXHT vazirlar kengashi yig‘ilishida ishtirok etganida borgan edi.
LiveBarchasi