Lavrov Rossiyaning Panjsher bo‘yicha pozitsiyasini ma’lum qildi
Olam
−
04 Sentabr 2021 23574 2 daqiqa
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov rasmiy Moskva Afg‘onistonning Panjsher viloyatidagi vaziyatning barqarorlashuvi uchun vositachi bo‘lishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
“Biz hozir bu muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etishni rejalashtirmayapmiz, menimcha, hech kim rejalashtirmayapti. Hamma "Tolibon" va Afg‘onistondagi boshqa etnik va siyosiy rahbarlarning kelishib olishidan manfaatdor. G‘arb davlatlari ham, XXR va Markaziy Osiyo mamlakatlari ham shunday signal yuboryapti”, degan vazir.
Lavrov Moskva bir necha bor toliblar va boshqa siyosiy guruhlarni inklyuziv o‘tish hukumati tuzishga chaqirganini eslatgan.
“Panjsher darasida Afg‘oniston tojiklari toliblarning markazdagi vakillari bilan muzokara olib borayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu yerda Tojikistondagi ittifoqchilarimiz alohida rol o‘ynaydi. Umid qilamanki, bu muzokaralar uzilmasdan, kelishuv bilan yakun topadi”, degan Rossiya TIV rahbari.
Avvalroq, OAVda “Tolibon” Panjsher viloyatini egallagani haqida xabar tarqaldi. Biroq, Afg‘oniston milliy qarshilik fronti bu ma’lumotni rad etdi.
Hozirda Panjsher viloyati uchun ashaddiy janglar ketayotgani aytilmoqda. Xususan, toliblar viloyatining muhim ahamiyatga ega Paryan tumanini egallagani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Panjsherdagi qarshilik kuchlari yetakchisi Ahmad Shoh Mas’ud toliblar bilan muzokara o‘tkazishda Rossiyadan yordam so‘ragandi. U “Tolibon” bilan muzokaralarda faqatgina Moskva vositachi bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
Live
Barchasi