Lavrov Markaziy Osiyo davlatlarini AQSHning inqilob rejalaridan ogohlantirdi
Olam
−
30 Sentabr 2022
11311Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH)ning hech bir respublikasi Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘z ichki ishlariga aralashishga urinishlaridan himoyalangan emas. Bu haqda bugun, 30 sentyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik idoralari va razvedka xizmatlari rahbarlarining razvedka faoliyati bo‘yicha konferensiyasining 18-yig‘ilishida so‘z ochdi.
“G‘arbning Yevroosiyo makonidagi mas’uliyatsiz chizig‘i faqat Ukraina bilan cheklanmaydi. Ikki yil oldin Belarusda rangli inqilob ssenariysini amalga oshirishga harakat qilinganini eslaymiz. Bizga yaqin, qardosh Belarusning dono xalqi o‘zlarini aldashga yo‘l qo‘ymadi. Ammo MDHning bironta ham davlati ichki ishlarga bunday aralashishdan himoyalanmagani aniq”, deb ogohlantirgan Lavrov.
Jahon hamjamiyatidan kun sayin uzilib borayotgan va xalqaro siyosatda “bosqinchi” sifatida tan olinayotgan Rossiyaning tashqi idorasi rahbari so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagilarni Qo‘shma Shtatlar, NATO va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdagi “qo‘pol harakatlari” yaqqol ko‘rsatmoqda.
U, shuningdek, Yevropa Ittifoqi strategik avtonomiyaga bo‘lgan ambitsiyalarini butunlay yo‘qotganini va Qo‘shma Shtatlar tomonidan qo‘yilgan siyosatdan zarar ko‘rayotganini ta’kidlagan.
“Rossiyani yo‘q qilish bo‘yicha o‘ylamasdan turib, anglo-sakslar butun G‘arb, shu jumladan NATO hamda strategik avtonomiyaga bo‘lgan ambitsiyalarini butunlay yo‘qotgan va o‘zi olib borayotgan siyosat tufayli katta yo‘qotishlarga duchor bo‘lgan Yevropa Ittifoqining AQSHga so‘zsiz bo‘ysunishiga erishdilar”, deydi u.
Rossiya TIV rahbarining ta’kidlashicha, G‘arb o‘z taraqqiyoti muammolarini boshqalarning manfaatlari evaziga hal qilish kursidan voz kechish niyatida emas.
“Qo‘shma Shtatlar boshchiligidagi kollektiv G‘arb dunyo hukmronligini ta’minlash, xalqaro hamjamiyatning boshqa a’zolari manfaatlari evaziga o‘z taraqqiyoti muammolarini hal qilish kursidan voz kechmoqchi emas”, deydi vazir.
Lavrovning qo‘shimcha qilishicha, G‘arb mamlakatlar va xalqlarni janjal qilish, postsovet makonini yanada parchalash maqsadida MDH mamlakatlariga nisbatan “bo‘l va hukmronlik qil” falsafasini faol qo‘llamoqda.
“Hech kimga sir emaski, “bo‘l va hukmronlik qil” falsafasi G‘arb tomonidan sobiq Ittifoq davlatlariga nisbatan faol qo‘llaniladi. Maqsad mutlaqo aniq – postsovet makonini yanada parchalash, mamlakatlarimiz va xalqlarimizni urushtirish”, deydi Rossiya TIV rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb ukrainaliklarning qo‘llari va jonlari bilan Rossiyaga qarshi kurashni davom ettirish niyatini yashirmayapti, buni faqat sarflanadigan material deb biladi.
“Bugungi kunda Vashington, London, Bryussel urush maydonida Rossiyaga qarshi kurashga faqat sarflanadigan material sifatida qaraladigan ukrainaliklarning qo‘llari va hayoti bilan o‘ylamasdan sarmoya kiritishni davom ettirish niyatlarini yashirmaydi”, deya qo‘shimcha qildi Rossiya diplomatiyasi rahbari.
Bugun, 30 sentyabr kuni MDH davlatlarining xavfsizlik va razvedka xizmatlari rahbarlari Moskvada yig‘ilish o‘tkazadi. Tadbirda Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston delegatsiyalari ishtirok etadi.
LiveBarchasi