Lavrov xavotirda! U uch mamlakat tashqi idoralari rahbarlariga qo‘ng‘iroq qildi
Olam
−
27 Sentabr 2020
16475Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bugun, 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston qurolli kuchlari o‘rtasida boshlangan to‘qnashuvlar sabab ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan muloqot qildi. Lavrov eng avvalo arman tarafiga qo‘ng‘iroq qilgan.
Lavrov Armaniston Tashqi ishlar vaziri Zograb Mnatsakanyan va Ozarbayjon Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov bilan muloqotda aloqa liniyasida davom etayotgan keng miqyosli jangovar harakatlar, qurbonlar va yaradorlar to‘g‘risida kelayotgan ma’lumotlardan jiddiy xavotirda ekanini bildirgan.
U zudlik bilan sulh tuzish zarurligi ta’kidlagan.
Qayd etilishicha, Rossiya EXHT Minsk guruhining boshqa hamraislari bilan birgalikda vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan vositachilik harakatlarini davom ettiradi.
Lavrov muloqotni Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Mavlud Chovusho‘g‘lu bilan davom ettirgan. Rossiya TIV ikki mamlakat tashqi idoralari rahbarlarining suhbatini faqat umumiy ma’noda yoritgan. Suhbat mazmunidan tashqari uning detallari, Turkiya tomonining qarashlari ochiqlanmagan.
Turkiya rasmiyatchiligi, jumladan Prezident Erdo‘g‘an va Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi mojaroda Ozarbayjonni har taraflama qo‘llab-quvvatlashini aytib chiqqandi.
“Ozarbayjonga qarshi hujumlariga yangisini qo‘shgan Armaniston, mintaqadagi tinchlik va osoyishtalik uchun eng katta tahdid ekanligini yana bir bor namoyish etdi”, degan edi Erdo‘g‘an.
U Minsk guruhini qariyb 30 yildan buyon Tog‘li Qorabog‘ mojarosiga ko‘z yumib kelayotganlikda ayblagandi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari bugun, 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr