Lavrov Gitler yahudiy bo‘lganini iddao qildi. Isroil keskin norozilik bilan chiqdi
Olam
−
03 may 2022
15673Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Italiyaning “Mediaset” telekompaniyasiga bergan intervyusida, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy yahudiy bo‘lsa, uni qanday qilib “millatchilik qilish”da ayblash mumkinligi haqidagi savolga javoban Adolf Gitlerda ham “yahudiy qoni bor edi”, deya javob berdi.
“U (Zelenskiy) agar u yahudiy bo‘lsa, ularda qanday millatchilik bo‘lishi mumkin, degan faktni ilgari suradi. Men adashayotgan bo‘lishim mumkin, lekin Gitlerda ham yahudiy qoni bor edi. Bu mutlaqo hech narsani anglatmaydi. Dono yahudiy xalqining aytishicha, eng ashaddiy antisemitlar odatda yahudiylardir”, degan Lavrov.
“Haaretz” nashrining yozishicha, Isroil Tashqi ishlar vaziri Yair Lapid Lavrovning so‘zlariga munosabat bildirib, uni “kechirilmas, g‘azablantiruvchi va qo‘pol tarixiy xato” deb atagan.
“Gitlerni yahudiy deyish yahudiylar o‘zini o‘zi o‘ldirdi, deganga o‘xshaydi. Natsistlar yahudiylarni quvg‘in qilishdi, faqat natsistlar yahudiy xalqini muntazam ravishda yo‘q qilishdi”, degan vazir.
Lapidga ko‘ra, Isroil Lavrovdan kechirim so‘rashini kutmoqda va Rossiya elchisini TIVga chaqiradi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirining so‘zlarini boshqa isroillik siyosatchilar va jamoat tashkilotlari, jumladan, Yad va-Shem” Xolokost yodgorligi raisi Dani Dayan ham qoralab, Lavrov “Gitler yahudiy bo‘lgan” degan mutlaqo yolg‘on da’vo bilan qurbonlarni jinoyatchiga aylantirganiga e’tibor qaratgan.
LiveBarchasi