La’nat, haqorat va tahdid... Grozniyda yirik miting uyushtirildi
Olam
−
03 fevral 2022
23535Checheniston poytaxti Grozniyda sobiq sudya Saidi Yangulboyevning oilasiga qarshi miting bo‘lib o‘tdi. Hukumatparast chechen matbuoti mitingda 400 mingdan ortiq odam qatnashganini xabar qilmoqda. “Grozniy” Checheniston davlat teleradiokompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishda faqat erkaklar, respublika erkaklarining qariyb 50 foizi ishtirok etgan. Miting muvofiqlashtirilmagan deb e’lon qilingan, ammo unda chechen rasmiylari (jumladan, Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning eng yaqin sheriklaridan biri, respublika parlamenti spikeri Magomed Daudov) so‘zga chiqqan va politsiya hech kimni tarqatmagan.
Mitingda Yangulboyevlarga qarshi “la’natlar eshitildi”, odamlar oila a’zolarining portretlari tushirilgan plakatlarni yoqib yubordi, deya xabar beradi “Chechnya segodnya”. TASS xabariga ko‘ra, miting internetda Shimoliy Kavkaz diniy arboblarini haqorat qiluvchi audioyozuvlar paydo bo‘lgani sabab boshlangan. Ularni Saydi Yangulboyevning o‘g‘illari yozib qoldirgani gumon qilingan. Mitingda so‘zga chiqqan Checheniston muftiysi Salah-Xoji Mejiyev shunday degan:
“Yangulboyevlar bizning Evliya [avliyolarimiz], xalqimiz va chechenlar hurmat qiladigan barcha narsalar haqida juda iflos audio yozishgan. Hech kim pastkashlikka bormaydi”.
Checheniston Jamoatchilik palatasi rahbari Ismoil Denilxanov Qiynoqlarga qarshi qo‘mita, “Novaya gazeta” va “Dojd” telekanalini yopishga chaqirdi. Mitingda so‘zga chiqqan Denilxanov “Novaya gazeta” jurnalisti Yelena Milashina va Qiynoqlarga qarshi qo‘mita rahbari Igor Kalyapin “davlatga qarshi ekstremistik faoliyat” bilan shug‘ullanayotgani va “Checheniston aholisiga qarshi terrorizmni oqlaydigan” Yangulboyevlar oilasi a’zolarini “nazorat qilgani”ni aytgan. Denilxanov Milashina va Kalyapinni “qamoqqa olish va javobgarlikka tortish”ga chaqirdi.
Joriy yilning 1 fevral kuni Davlat Dumasining Chechenistondan saylangan deputati Adam Delimxanov sudya Saidi Yangulboyevning oila a’zolarining boshini kesib tashlashga va’da bergan edi.
“Tun-kun jonimizni, mol-mulkimizni, naslimizni ayamay, boshlaringizni kesib, o‘ldirgunimizcha orqangizdan ergashamiz. Siz bilan haqiqatan ham dushmanlik va qon adovatimiz bor”, degan Delimxanov chechen tilidagi murojaatida.
Yangulboyevlarga nisbatan shunday tahdidlar keyinroq boshqa chechen rasmiylari tomonidan ham e’lon qilingan. Kreml Delimxonovning so‘zlariga baho berishdan bosh tortgan.
“Bu bizning vazifamiz emas. Bu Davlat Dumasi va etika bilan shug‘ullanuvchi qo‘mitaning vazifasidir...”, degan Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
O‘z navbatida, Davlat Dumasining deputatlik etikasi komissiyasi rahbari o‘rinbosari Nikolay Arefev bunday tahdidlarni axloq komissiyasi emas, balki Bosh prokuratura ko‘rib chiqishi kerakligini aytgan. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari kengashi ham Delimxonovning so‘zlarida haqiqatan ham tahdidlar bo‘lsa, bu bilan Bosh prokuratura shug‘ullanishi kerakligini ta’kidlagan.
Saidi Yangulboyev – Checheniston Oliy sudining iste’fodagi sudyasi. Bir necha hafta oldin uning rafiqasi Zarema Musayeva hibsga olingan edi. 20 yanvar kuni Nijniy Novgoroddagi kvartirasiga qurollangan shaxslar bostirib kirib, Musayevani Chechenistonga olib ketishgan. Uni oyoq yalang va ustki kiyimsiz uydan olib chiqishgan. Checheniston rasmiylarining aytishicha, Musayeva hokimiyat vakilini haqorat qilgani uchun ma’muriy ish bo‘yicha maxsus hibsxonada saqlanmoqda. Keyinroq unga nisbatan hokimiyat vakiliga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash bo‘yicha jinoiy ish ochilgani ma’lum bo‘ldi. Checheniston rahbari Ramzan Qodirovning aytishicha, Musayeva “politsiya xodimiga hujum qilib, uning ko‘zini o‘yib olishiga oz qolgan”. 2 fevral kuni Musayeva ikki oyga hibsga olingan.
Qodirov Yangulboyevlar oilasini “terrorchilarning sheriklari” deb atagan, ularni hibsga olish va agar qarshilik ko‘rsatsa, “yo‘q qilish”ni talab qilgan. Saidi Yangulboyev qizi bilan Rossiyani tark etgan. O‘g‘illari anchadan beri xorijda yashab kelishadi. Ulardan biri Ibrohim Yangulboyev o‘z oilasining ta’qib qilinishini Checheniston muxolifatini boshqargani bilan bog‘laydi. Yanvar oyi oxirida unga nisbatan terrorizmga chaqirish aybi bilan jinoiy ish ochilgan edi. Baza’ning yozishicha, Tergov qo‘mitasi Ibrohim Yangulboyevni 1ADAT administratorlaridan biri deb biladi.
Qodirov jurnalist Yelena Milashina va huquq faoli Igor Kalyapinni ham “terrorchilar” va “terrorchilarning sheriklari” deb atagan. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Qodirov “shaxsiy fikrini” bildirganini aytgan. “Novaya gazeta” Kremlning pozitsiyasini qoralab chiqdi. “Exo Moskva” gazetasi bosh muharriri Aleksey Venediktov va “Dojd” telekanali Rossiya rahbariyatini Qodirovning tahdidlariga javob berishga chaqirdi.
LiveBarchasi