Lahorda kuchli havo ifloslanishi sababli maktablar yopildi

Olam

image

Kecha, 3 noyabr kuni Pokistonning ikkinchi yirik shahri Lahorda kuchli havo ifloslanishi sababli maktablar 1 haftaga yopib qo‘yildi. Fuqarolarga esa uyda qolish tavsiya qilinmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, shahardagi havo sifati indeksi rekord daraja – 1100 ga yetgan. IQAir monitoring kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra esa, shaharda havo sifati hozirda “xavfli” darajada. Qon tomir va nafas olish tizimlariga zarar yetkazadigan PM2.5 zarrachalari konsentratsiyasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan yillik o‘rtacha me’yordan 60 baravar yuqori.

Qayd etilishicha, hukumat boshlang‘ich maktablarni bir haftaga yopib, ota-onalardan farzandlarining himoya niqoblarini taqishini nazorat qilishni so‘ragan. Fuqarolarga esa deraza va eshiklarni yopib uyda qolish, zaruratsiz safarlardan saqlanish tavsiya etilmoqda.

Shuningdek, atrof-muhitni transport vositalari bilan ifloslanishini kamaytirish maqsadida xodimlarning yarmi masofadan ishlashga o‘tkazilgan. Hukumat havo sifatining yomonlashuvini Hindistondan shamollar olib kelgan iflos havo bilan izohlagan.

IQAir reytingiga ko‘ra, hozirda Hindiston poytaxti Nyu-Dehlida ham havo ifloslanish darajasi “xavfli” holatda.

Eslatib o‘tamiz, 2 noyabrdan 3 noyabrga o‘tar kechasi O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri havosida zaharli zarrachalar miqdori 780 mkg/m3 darajagacha oshgani xabar qilingan edi. Unga ko‘ra, shaharda o‘rnatilgan 32 ta stansiya havoda zaharli zarrachalar me’yordan bir necha barobar oshganini qayd etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Pokiston Lahor havo ifloslanishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing