Kvadrobika. Bolalar hayvonlashyaptimi?
Intervyu
−
29 Oktabr
6305Mushuklarni boqish, ularga mehribonlik qilish, erkalash yaxshi. Ammo uning xatti-harakatlarini takrorlash-chi. Ya’ni mushukdek yashash, mushukka taqlid qilish, o‘zini mushukdek tasavvur qilish. Ha, dunyoda shunday insonlar bor – kvadroberlar.
Toshkentda kvadroberlar paydo bo‘ldi. Joriy yilning 10 oktyabr kuni Toshkent shahrida hayvonlar qiyofasidagi niqoblarni taqib olgan “kvadrober” uchratilgan, 11 oktyabrda esa yana bir “kvadrober” itga taqlid qilgan holda yo‘lovchilarga hujum qilgan. Voqeaga guvoh bo‘lgan bola esa qattiq qo‘rqib ketgan. Shundan so‘ng, Ichki ishlar vazirligi ogohlantirish bilan chiqib, hayvonga taqlid qilgan bolalarning ota-onalari ogohlantirilganini ma’lum qildi. Dastavval buni ikki bolaning sho‘xligi sifatida qabul qilib, unga ortiqcha e’tibor berishni lozim topmagandik. Ammo Ichki ishlar vazirligi 23 oktyabr kuni ham yana bir ogohlantirish bilan chiqib, voyaga yetgan kvadroberlar 15 sutkaga qamalishini aytdi.
Ichki ishlar vazirligi nega buncha vahima qilyapti, ikki bolaning ortidan darrov bu holatga jazo ham topishibdi, dersiz? Yo‘q, bu tashvishlar, ketma-ket ogohlantirishlar bejizga emas ekan. Holatni chuqurroq o‘rganganimizda, kvodroberlik yoshlar, ayniqsa bolalar orasida avj olayotganining, kvadroberlik aksessuarlari do‘konlarda bemalol sotilayotganining, hatto reklama qilinayotganining guvohi bo‘ldik.
Jamiyatimizga sezdirmay kirib kelgan bu qanday madaniyat bo‘ldi? Uning qanday xavflari bor? Oxiri nima bo‘ladi? QALAMPIR.UZ bugun mana shular haqida sizga batafsil gapirib beradi.
Kvadrober lotincha quattuor – to‘rt va inglizcha aerobics – aerobika so‘zlaridan olingan bo‘lib, hayvonlarning xatti-harakatlari va odatlariga taqlid qiluvchi odamlarning, asosan bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy harakati bilan tavsiflangan hodisa. Ular mushuk yoki it kabi hayvonlarning kostyumlari va niqoblarini kiyib, to‘rt oyoqlab yurishadi.
“Kvadrober bolalarning juda ko‘pchiligi hozirgi kunda mushuk va kuchuklarga taqlid qilishadi. Hayvonlar bilan dastavval o‘ynaydi, keyin esa ularning xatti-harakatlariga taqlid qilishni boshlaydi. Ular bu bilan odamlarning e’tiborini tortishga urinishadi. Afsuski, kvadroberlikning keyingi bosqichlarida ular alohida kvadroberlar ovqatlanadigan joylarga borib, hayvonlar ovqatini yeyishlari mumkin. Ular endi o‘zlarini to‘laqonli ravishda to‘rt oyoqli hayvon sifatida tutishni boshlashadi va bu bilan hayvonlashib ketishi ham mumkin. Xorijiy mamlakatlarda hatto kvadroberlar odamlarga hujum qilgan holatlar ham bor”, dedi mustaqil tadqiqotchi Ziyoda Akbarqulova.
Kvadroberlar o‘zlarining bu submadaniyatga qiziqishlarini – bu shafqatsiz reallik va jamiyat bosimidan (societal pressure) qochish bilan izohlashgan. Ularning aytishicha, ayrim fe’l-atvordagi bolalar jamiyatga qo‘shilib keta olmaydi. Chunki jamiyat ularning kichik xatosi uchun ham katta jazo beradi, ustidan kuladi va noqulay ahvolga soladi. Bundan qo‘rqqan bolalar esa odamlardan uzoqlashib, alohidalanib, e’tibordan chetda qolib ketadi. Mutaxassislar esa bolalarning bu yo‘lga kirib qolishiga asosiy sababchi bu ularning ota-onalari ekanini aytmoqda. Chunki ular o‘z farzandlariga bee’tibor bo‘lib qolgan, bolalar bilan kam muloqot qiladi va ularga turli noqulay vaziyatlarda o‘zini qanday tutishi kerakligini o‘rgatmaydi.
“Kvadroberlik aynan o‘smirlik paytida kuzatiladi va e’tiborsiz qolgan bolalar o‘rtasida avj oladi. Bu muammo ota-onalar uchun haqiqatdan ham muammo. Ko‘plab Yevropa mamlakatlarida, hatto Sharq mamlakatlarida ham dastlabki kvadrober odamlar allaqachon shakllanib bo‘lgan”, dedi mutaxassis.
Kvadroberlikka qiziqish – bolalarning ularga yetishmayotgan qo‘llab-quvvatlash va bor holicha qabul qilishlariga intilishlari bilan bog‘liq. Buni oilasida yoki do‘stlari davrasida topmagan bolalar shu kabi jamoalarning a’zosi bo‘lishga intilishadi. Ular bu jamoada o‘z hamfikrlarini topish, kattaroq narsaning bir qismidek his qilishlariga va yolg‘izlik hamda tushunmovchilik tuyg‘usidan xalos bo‘lish uchun odatda shu yo‘lga kirib qolishadi. O‘zbekistonday mamlakatda, bir bolaga yetti mahalla ota-ona deyiladigan mamlakatda e’tiborsiz bola bormikan dersiz. Bordirki, bugun kvadroberlarning kiyimlari bemalol do‘konlarda sotilyapti. Masalan, shundoq Uzum Market’ga kirsangiz, bunday mahsulotlar nafaqat bolalar uchun, balki kattalar uchun ham sotilayotganining guvohi bo‘lasiz. Kvadroberlik mumkin emas-u, kvadroberlikni targ‘ib qilish, mahsulotlarini sotish mumkinmi?
Bolalikda yangi yil bayramlarida siz ham hayvonlar liboslarini kiyib, ularning tilidan she’rlar aytgandirsiz. Hayvon boqish, ularga g‘amxo‘rlik qilish bu kvadroberlik emas. Ota-onalar bularni farqlamog‘i kerak. Ya’ni bolalarning hayvonlar bilan do‘st bo‘lishi bu ularni mehr va mas’uliyat hissini uyg‘otadi. Bunda bolalar hayvonlarga g‘amxo‘r sifatida o‘zini namoyon etishi kerak, kvadroberlikda esa hayvon sifatida namoyon qiladi.
Bugun O‘zbekistonda kvadroberlik jamiyatda yurish-turish qoidalarini buzish sifatida toifalanmoqda. Unga ko‘ra:
“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi BHMning 5 barobarigacha (1 million 875 mi so‘mgacha) jarimaga tortishga sabab bo‘ladi”, deyilgan IIV xabarida.
Shuningdek, xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Mazkur harakatlar bilan fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish va jamoat tartibini buzish , fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorlik) BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga qamoqqa olishga ham sabab bo‘ladi.
Xo‘sh, shunday ekan nega kvodroberlar jazolanyapti? Modomiki ular e’tibordan chetda qolgan bolalar ekan, ularga ko‘proq psixologik ko‘makka, reabilitatsiyaga muhtoj emasmi?
Gap shundaki, kvadroberlikning oldi olinmasa, jamiyatda ko‘plab noxush holatlar yuzaga kelishi mumkin. Masalan, Yaponiyaning Tokio shahrida yashovchi 32 yoshli muhandis Toru Ueda haqiqiy bo‘ri libosini tiktirish uchun 3 million iyena taxminan 261 mln so‘m sarflagan. Yaponlar fikricha, u odam bo‘lishdan charchagan va bo‘riga aylanganda o‘zini erkin his qilgan.
“Kostyumimni kiyganimda, o‘zimni odam emasdek his qilaman. Men insoniy munosabatlardan ozodman. Men ish va boshqa narsalar bilan bog‘liq barcha muammolarni unutishim mumkin. Oynaga qarasam, bo‘rini ko‘raman va bu juda hayajonli”, deb izoh bergan bo‘ri qiyofasidagi erkak.
Bu holat Yaponiya uchun yangilik emas. Avvalroq ham hayvonga aylanishni orzu qilgan Yaponiya fuqarosi, 15 ming dollar sarflab itga aylangan.
2023 yilning sentyabr oyida Germaniyada 100 ga yaqin odam o‘zlarini it deb e’lon qilishlarini talab qilib uvlay boshlagan. Qolaversa, kvadrobitka Rossiya, Qozog‘istonda ham avj olmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 77-moddasini eslatib o‘tgan. Ushbu moddaga ko‘ra, ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar. Shuningdek, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, voyaga yetmagan ta’lim oluvchilarning ota-onasi bolaning o‘qishi, tarbiyalanishi, jismoniy, ma’naviy va intellektual rivojlanishi uchun mas’uldir.
Shu sababli ham Ichki ishlar vazirligi ota-onalarni ogohlikka chaqirmoqda. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 5 barobarigacha (1 million 875 ming so‘mgacha) jarimaga tortishga sabab bo‘ladi.
LiveBarchasi