Ko‘zbo‘yamachilik: IIB xodimlari bo‘yniga majburiy plan qo‘yilgan

Jamiyat

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Olmazor tumani IIB mas’uliga tegishli audioyozuv tarqaldi. Unda mahalla profilaktika inspektorlari ishiga javobgar rahbar kam “protokol” tuzilayotgani uchun xodimlariga dakki berayotgani yozilgan. Audiodagi suhbatdan rahbarning o‘zi ham yuqoridagilar oldida dakki eshitganini taxmin qilish mumkin. Xususan audioda shunday deyiladi:

“Olmazor tumani HPB (tahr. – huquqiy profilaktika bo‘limi) boshliqlari, 1-GOM, 2-3-5-6-8-GOM (tahr. - GOM – hududiy ichki ishlar bo‘limi).

Hozir selektor tugadi, shahar rahbariyati - Vafoyev o‘tkazdi (tahr. - Vafoyev Maxkam Mirjanovich, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik). Juda “jyostkiy” bo‘ldi selektor. So‘rov qattiq bo‘ladi.

Olmazor tumani “voobe” dabdala qildi. Sizlarning qo‘l ostingizda xodimlar ishlayaptimi, “uchastkoviy”lar? “Rezultat” qilmagandan keyin, hammamiz dabdala bo‘ldik”, deydi rahbar.

U bir necha kundan beri kam bayonnoma tuzilayotganiga e’tiroz bildirib, kechasi yana yig‘ilish o‘tkazishini aytib, kunlik reja bergan. Yig‘ilishda aftidan, rejaning qanchalik bajarilgani sarhisob qilinadi.

“Olmazor tumani yo‘q, “bolshe ne suestvuyet” biz uchun deyapti. Hozir eshit, diqqat bilan! Kechqurun ham 22:00da selektor, men kiraman. Lekin qaysi “GOM” “rezultat” bermasa, men aytaman hozir qanaqa “rezultat”ligini, men qo‘yib beraman. Uch kundan buyon “protokol” (tahr. – bu yerda huquqbuzarlik uchun tuziladigan ma’muriy bayonnoma) bermayapsizlar.

Mayli, hech bo‘lmasa kunduzi 15-20 nafar “uchastkoviy” chiqsa, ikkitadan “protokol” qilsa ham 40 ta bo‘ladi. Balo ham yo‘q. 11 ta “protokol” kecha, o‘tgan kuni 6 ta, uch kun oldin 6 ta.

Kimdir ishga chiqyapti-ku kunduz kuni. Men yozib olaman, kunduz kuni qaysi “uchastkoviy” ishlayapti va kechqurungacha u nima ish qildi, nechta “protokol” tuzdi. Har bir “uchastkoviy” beshtadan “protokol” tuzsin, har xil modda bilan. Mayli, agar sud ishlamasa, “arest” (tahr. – ma’muriy qamoq jazosi) qilmasin, jin ursin. Boshqa modda bilan “protokol” tuzsin.

Qiyin bo‘lyapti javob berish, sizlar kirmaysizlarda selektorga. Ketgan bo‘lasizlar o‘sha paytda.

Mayli, qatnashmanglar, lekin “rezultat” qilib beringlar. Menga gapiryapsan “odamlar o‘lib ketyapti” deb. Qo‘lingdan kelmaydi odamlarni qutqarish. Faqat shuning oldini olish bo‘yicha ishlaysan, kimgadir yordam berasan, 183 bo‘yicha “protokol” tuzilsa, shu yordaming bo‘ladi (tahr. – MJtK 183-moddasi (mayda bezorilik) nazarda tutilmoqda). Boshqa narsa qo‘lingdan kelmaydi odamni qutqarish uchun. Ishdamisan, demak ishlash kerak. Koronavirus, koronavirus, koronavirus deysanlar. “Rezultat” qilib ber menga, “rezultat” so‘rayapmiz sendan.

54 bo‘yicha mahallada yursa, dalolatnoma, raport, rasmga ol, yuboramiz SESga (tahr. – MJtK 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) nazarda tutilmoqda). Yoki boshqa material to‘pla, mingta odam niqobsiz yuribdi.

Mayli, bitta “GOM”da uchta “uchastkoviy” bo‘lsa, ikkitadan, uchtadan tuzsin, o‘nta “protokol” bo‘ladi shunda”, deydi mas’ul qo‘l ostidagilarga.

Tarqalgan audio yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy munosabat bildirib, IIB mas’ulining so‘zlariga izoh bergan, rahbar aslida nima demoqchi ekanini tilmochga o‘xshab “tarjima” qilgan. 

IIBB sharhiga ko‘ra, “Natija” so‘zidan murod – profilaktika inspektorlarining ish sifatidir. Buning ko‘rsatkichi esa aholining huquqiy savodxonligining oshishi, jinoyat va huquqbuzarliklar sonining pasayishida ifoda topib, ko‘rilgan choralarning samarasidan darak beradi.

Yana o‘sha bosh boshqarmaning aytishicha, “plan” so‘zi kunlik yuklama emas ekan. Xodimlariga kunlik reja bergan rahbarning aytganlari quyidagicha talqin qilingan.

“Rejaga to‘xtalsak. “Reja” so‘zini rasmiylashtirilgan bayonnomalar soni deb tushunish noto‘g‘ridir. Har qanday faoliyatda ish rejasi zarur bo‘ladi. Profilaktika inspektorlarining ish rejasi deganda aholi bilan, fuqarolarning alohida toifasi bilan ishlash rejasi nazarda tutilib, mazkur reja ishonib topshirilgan mahalla hududidagi kriminogen holatdan kelib chiqqan holda muvofiqlashtiriladi”, deydi IIBB.

Boshqarma shaxsiy tarkibga vazifalarning noto‘g‘ri yetkazilishi munosabati bilan, rahbar bo‘lmagan va shaxsiy tarkib oldiga vazifa qo‘yish vakolatiga ega bo‘lmagan Olmazor tumani IIO FMB xodimiga nisbatan xizmat tekshiruvi belgilanganini qo‘shimcha qilgan.

Shu o‘rinda O‘zAda keltirilgan bir ma’lumotni eslatib o‘tish foydalidek ko‘rinyapti. Milliy axborot agentligining yozishicha, audiodagi ovoz Toshkent shahar Olmazor tumani IIO FMB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi maxsus topshiriqlar bo‘yicha inspektori podpolkovnik Farrux Xolovga tegishli. Uning lavozimi – Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi maxsus topshiriqlar bo‘yicha inspektor uni aynan xodimlarga ishni taqsimlovchi shaxsdek ko‘rsatyapti.

Nima bo‘lganda ham profilaktika inspektorlariga kunlik yuqlama berish ularning aholiga bosim o‘tkazishiga sabab bo‘ladi. Karantin sabab daromadsiz qolgan aholi esa jarima har qancha yengil va kam bo‘lmasin uni to‘lashga qiynaladi. Shunday ekan, yuqoridagi rahbarlar oldida gap eshitmaslik uchun aholiga bosimni orttirish to‘g‘ri ish bo‘lmaydi. Albatta, haqiqatda qoidani buzuchi fuqarolar bundan mustasno.


Maqola muallifi

Teglar

IIV profilaktika inspektori

Baholaganlar

324

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing