Video: Karimov terrorchilarga qarshi kurashgan harbiylarga nima degan?

Jamiyat

Zaxiradagi polkovnik Botir Abdullayev 2000 yilda mamlakat janubida xalqaro terrrchi guruhlarga olib borilgan jangovar harakatlar haqidagi xotiralari haqida so‘zlab berdi. Islom Karimov Fondi o‘sha Abdullayev xotiralarini e’lon qildi.

“2000 yil avgust oyida O‘zbekiston janubida hukumat kuchlari jangovar bo‘linmalari hamda mamlakat hududiga suqulib kirgan O‘zbekiston islom harakati xalqaro terrorchilar to‘dasi o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar ro‘y berdi. Kelajak haqida xomxayollarga berilgan jangarilar O‘zbekistonda qonli izlar qoldirdi, shu bilan birga, ular Tojikistondagi fuqarolar urushi davrida, qolaversa, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va Rossiyada bir qator qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirgan edilar”, deyiladi Fond xabarida.

Sariosiyo voqealari ishtirokchisi bo‘lgan zaxiradagi polkovnik Botir Abdullayev o‘sha kunlarni bunday xotirlaydi:

“2000 yilning avgusti. O‘zbekiston sarhadiga xalqaro terrorchilar to‘dasi hujum uyushtirdi. Men xizmat qilayotgan, tashkil topganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan maxsus operatsiyalar bo‘yicha batalonlar jangarilarga qarshi kurash olib borayotgan edi.

Kunlarning birida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti, Oliy bosh qo‘mondon Islom Karimov bizning qismga tashrif buyurdilar. U kishi yonimizga kelib, otalarcha samimiyat ila muammolar bilan qiziqdilar, yana qanday texnika yoki uskuna zarurligini so‘radilar. Ammo hammasidan ham Islom Abdug‘aniyevichning bizga qarata qilgan xitobi men va quroldosh do‘stlarim xotirasida qoldi. “Yodda tutinglar, dedilar Oliy bosh qo‘mondon, – agar kimdir sizlarning to‘g‘ri dushman o‘qiga, tikka o‘limga borishingiz haqida buyruq berganimni aytsa, aslo ishonmanglar: men hozirgacha bunday buyruq bermadim va bundan keyin ham bermayman!”

Sirasini aytganda, asabiylashish va qo‘rquvdan asar yo‘q edi. Biz o‘sha lahza qalbimizda o‘zimiz va Oliy bosh qo‘mondonning kuchiga ishonchni his etdik. Islom Abdug‘aniyevichning asosiy maslagi har qanday yo‘l bilan dushman hamlasini qaytarish emas, balki mustaqil va dunyoviy O‘zbekiston uchun jonini berishga tayyor insonlarning hayotini saqlab qolish edi”, deydi Botir Abdullayev.

Avvalroq, Sariosiyoda terrorchilar orasida ayog‘oqchilik qilgan Bo‘ritosh Shodiyeva Karimov bergan maxfiy topshiriq haqida ochiq so‘zlab bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Islom Karimov Sariosiyo

Baholaganlar

201

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing