Kuz-qish mavsumida kommunal xizmatlar narxi oshadimi?
Jamiyat
−
20 Sentabr 2023
4488O‘zbekiston hukumati hokimliklarga kommunal xizmatlar tariflarini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qildi. Bu haqda 1 oktyabrdan kuchga kiradigan “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qarorida so‘z boradi.
“Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga issiqlik ta’minoti, suv ta’minoti va oqova suv xizmatlariga, shahar yo‘lovchilar tashish transportida (bundan yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilar mustasno) yo‘lovchilar tashish xizmatlariga yangi tariflarni belgilash tavsiya etilsin”, deyiladi hukumat qarorida.
Qarorda issiqlik ta’minoti xizmatlarining aholi uchun belgilanadigan narxlari joriy kuz-qish mavsumida oshirilmaslik belgilangan. Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligiga belgilangan tariflarni qayta ko‘rib chiqishda narxlarning asossiz oshib ketishining oldini olish choralarini ko‘rish topshirilgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga esa joriy yilning 1 oktyabridan boshlab quyidagilar:
- tabiiy gaz va elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, sotish tariflarini hamda issiqlik energiyasini ishlab chiqarish tariflari;
- elektr va issiqlik energiyasi, shuningdek, tabiiy gaz iste’molchilaridan va ulgurji qayta sotuvchilardan tushadigan mablag‘larni taqsimlash tartibi;
- temiryo‘l transportida yuk va yo‘lovchilarni tashish xizmatlari va boshqa tariflarni qayta ko‘rib chiqish topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 1 oktyabrdan kuchga kiradigan yoqilg‘i-energetika resurslarining yangi tariflariga ko‘ra, aholiga elektr energiyasi 295 so‘mdan, tabiiy gaz 380 so‘mdan va suyultirilgan gaz 1120 so‘mdan sotilishi belgilangandi. Yuridik shaxslar uchun esa tariflar oshirilgandi.
LiveBarchasi