Kutilmaganda Prigojin Shoyguning iste’fosi haqidagi talabidan voz kechgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
27 iyun 2023
25912Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin muzokaralar yakuniga ko‘ra, o‘zining barcha talablari, jumladan, Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimovning iste’fosi haqidagi talabidan voz kechganini ma’lum qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.
“U menga “Aleksandr Grigorevich, men Prezidentdan Shoygu va Gerasimovni berishini talab qilmayman va hatto ular bilan uchrashishni ham so‘ramayman”, dedi. Men esa “Yaxshi, bu juda yaxshi qadam. Bunday holatda vaziyatni taranglashtirib, imkonsiz narsani talab qilishning hojati yo‘q”, deb aytdim”, deydi Lukashenko.
U shuningdek, Prigojin Moskvaga tomon harakatini 24 iyun kuni kechki soat beshda to‘xtatganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Yevgeniy Prigojin uzoq vaqtdan buyon Rossiya Mudofaa vazirligini layoqatsizlik va korrupsiyada ayblab keladi. Prigojin, shuningdek, Sergey Shoyguning buyrug‘i bilan ikki bor “Vagner”ni yo‘q qilishga urinish sodir bo‘lganini aytgandi. Joriy yilning may oyida esa u Baxmutda jang qilayotgan “Vagner” askarlarida qurol-yarog‘ va o‘q-dori yetishmovchiligi kuzatilayotgani, Mudofaa vazirligi esa atayin ularni ta’minlab bermaganini aytib, Shoygu va Gerasimovni haqorat qilgandi. Prigojinning isyon ko‘tarishidan asosiy maqsadi ham aynan Shoygu va Gerasimovning iste’foga chiqishiga erishish edi. Aleksandr Lukashenko vositachiligida o‘tkazilgan dastlabki kelishuvda ham Rossiya tomoni Shoyguni iste’foga chiqarishga rozi bo‘lgandi. Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko bugungi nutqida Prigojinni talablaridan voz kechishga qanday qilib ko‘ndirganini ochiqlamagan. Ammo, Buyuk Britaniya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, uning isyonni to‘xtatishiga Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlari “Vagner” rahbarlarining oilasiga tahdid qilgani sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi