Kutilgan yangilik: As-Sisi yana Misr Prezidenti bo‘ldi
Olam
−
18 dekabr 2023
6056Misrning amaldagi rahbari Abdulfattoh as-Sisi mamlakatdagi prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichining o‘zidayoq 89,6 foiz ovoz to‘plab, katta farq bilan g‘alaba qozondi. Bu haqda Milliy saylov komissiyasi rahbari Hazem Badaviy ma’lum qildi.
Shu tariqa, 69 yoshli as-Sisi ketma-ket uchinchi muddatga Misr Prezidenti bo‘ldi.
As-Sisiga 39,7 milliondan ortiq Misr fuqarosi ovoz bergan. Respublika Xalq partiyasining yetakchisi Hazem Umar esa atigi 4,5 foiz ovoz to‘plagan.
Yana ikki nomzod – Misr sotsial-demokratik partiyasi raisi Farid Zahron va “Yangi Vafd” partiyasi rahbari Abdul-Sanad Yamama mos ravishda 4 foiz va 1,9 foiz ovoz olgan.
Badaviyning qayd etishicha, saylovchilarning joriy prezidentlik saylovlarida ishtirok etish darajasi mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan, ya’ni 66,8 foizni tashkil qilgan. Shuningdek, u saylovlar shaffof o‘tganini ta’kidlagan.
Misr saylov komissiyasi ham mamlakatdagi saylovlarning birinchi bosqichidan so‘ng ovoz berish jarayoni bo‘yicha hech qanday shikoyat kelib tushmaganini bildirgan.
Misrda saylovlar uch kun – 10, 11 va 12 dekabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 09:00 da ochilib, 21:00 da yopildi. Unda 67 millionga yaqin misrliklar ovoz berish imkoniyatiga ega edi.
Saylov davomida respublika bo‘yicha 9376 ta saylov uchastkasi faoliyat ko‘rsatgan. Saylov jarayoni 14 xalqaro tashkilot va 220 xalqaro kuzatuvchi ishtirokida o‘tgan.
Mamlakat tashqarisida esa prezidentlik saylovlari 1-3 dekabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Ovoz berish 121 mamlakatdagi 137 ta saylov uchastkasida tashkil etilgan.
Ma’lumot uchun, As-Sisi 2014 yilda Muhammad Mursiy hokimiyatdan ag‘darilganidan bir yil o‘tib, o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozongan va Misr Prezidenti etib saylangan. 2018 yilda u ikkinchi muddatga qayta saylandi. 2019 yilning aprel oyida Misrda referendum bo‘lib o‘tdi, natijada as-Sisiga yangi muddatga o‘z nomzodini qo‘yish imkoniyatini beruvchi va prezidentlik muddatini to‘rt yildan olti yilgacha oshiruvchi tuzatishlar qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz,10 dekabr kuni Misrda prezidentlik saylovi boshlangani haqida ma’lum qilgan edik.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15