Ko‘tarilish davom etadi. Rustam Imomaliga yangi lavozim topshirildi
Olam
−
17 aprel 2020
10901Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning to‘ng‘ich o‘g‘li, poytaxt Dushanbe meri Rustam Imomali mamlakat parlamentining yuqori palatasi Raisi etib tayinlandi.
Uning o‘rinbosarlari sifatida Sug‘d viloyati rahbari Rajabboy Ahmadzoda va Tog‘li-Badaxshon muxtor okrugi rahbari Yodgor Fayzov ish boshlaydigan bo‘ldi.
Parlamenti yig‘ilishida so‘zga chiqqan respublika rahbari Imomali Rahmon barcha saylangan va tayinlangan parlament a’zolarini tabrikladi.
“Men, shuningdek, Rustam Imomali Rahmonni Tojikiston Respublikasi Milliy Majlisining Raisi etib saylangani , Rajabboy Ahmadzoda va Yodgor Fayzovni Milliy Majlisning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosari lavozimiga saylangani bilan tabriklayman va ularga muvaffaqiyatlar tilayman”, dedi davlat rahbari.
Imomali Rahmon Tojikiston parlamentini chaqirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Shu sabab, bugun, 17 aprel kuni mamlakatda parlamentning yuqori va quyi palatalari majlislari bo‘lib o‘tdi.
Rustam Imomali kim?
Rustam Imomali – yuqorida ma’lum qilinganidek, davlat rahbari Imomali Rahmonning to‘ng‘ich o‘g‘li.
U 1987 yilda tug‘ilgan. Tojikiston milliy universitetining “xalqaro iqtisodiy aloqalar” yo‘nalishida tamomlagan.
Rustam Imomali Tojikiston bojxona xizmati rahbari, Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
2017 yilning 12 yanvaridan boshlab, Prezidentning buyrug‘iga asosan, Dushanbe meri etib tayinlangan.
U joriy yilning 27 mart kuni mamlakat parlamentining yuqori palatasi a’zoligiga saylandi.
LiveBarchasi