Kusherboyev xalqning puliga “tonirovka” tutib, Mercedes’da yurganlarni Nexia’da yurishga chaqirdi

Intervyu

O‘zbekistonlik amaldorlar, jumladan deputatlar xalq to‘lagan soliqlar hisobidan shakllanadigan byudjetdan olingan Mercedes Benz’da emas, Nexia yoki Cobalt’da yurishi kerak. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida so‘z ochdi. 

So‘zi boshida Kusherboyev davlat byudjeti mablag‘larini besamar sarflamaslikka to‘xtalarkan, o‘zi ham davlat bergan ayrim imkoniyatlardan voz kechganini, saylovchilardan yuqori sharoitda yashay olmasligini aytadi. 

“Odamlarda bo‘lgan imkoniyat, sharoitdan ortiq darajadagi sharoitda yashash menga to‘g‘ri kelmaydi. Mening asosiy ish beruvchim ular. Ish beruvchilarim og‘ir ahvolda yashasa, men komfort hayotda yurolmayman. Kerak bo‘lsa, men o‘zim ko‘p imtiyozlardan kechib yuborganman”, deydi deputat.

Rasul Kusherboyev alohida poliklinikada Hukumat tomonidan oilasiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatni rad etgani, o‘zi ham boshqalar qatori oddiy oilaviy poliklinikiga borishi va ular duch keladigan muammolarga uchrayotgani, soatlab “ochered”da turgani haqida ham gapirdi. 

“Xizmat avtomobilimdan deyarli foydalanmayman! Oyda bir yoki ikki marta foydalanaman yoki yo‘q. Lekin xizmat uyidan foydalanaman, to‘g‘ri. Qolgan amaldorlarga ham tavsiya bergan bo‘lardimki, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan Nexia-3 yoki Cobalt’dan ortiq xizmat avtomobiliga minmasin. (!) Mercedes Benz’da yuradiganlari ham bor. U kabi mashinalarda benzin ham ko‘p ketadi, narxi ham qimmat. Bu mablag‘lar kimning hisobidan olinyapti?”, deydi Kusherboyev. 

U bu firklar “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi – Oliy Majlis spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirovdan tortib, vazirlargacha qaratilganini urg‘uladi.

“Amaldorlar xalqning hisobidan olib, shu “komfort” mashinada yurishibdi”, deydi deputat.  

Shuningdek, u amaldorlarning avtomobillari oynalari qaysi mablag‘lar evaziga qoraytirilganining ham tagiga yetish kerakligini aytmoqda:

“U ham byudjet hisobidan bo‘lishi mumkin. Buning tagiga yetish kerak. Ko‘pchiligi xalq to‘layotgan soliqlar hisobidan. Ko‘pchiligi byudjetdan to‘lar ekan, ya’ni xalqning pulidan. Ishxonasining puli degani, xalqning puli degani-da!”

Unga ko‘ra, amaldorlar ham xalq yurgan yo‘ldan yurishi, oddiy odamlarning uyida tunab qolishi, bolalar yo‘l yo‘q joylarda maktabga qanday borib kelayotganini ko‘rishi kerak.

“Ana shunday odamlar o‘ylashi kerak: seni ish beruvching xalq! Ular qanday ahvolda-yu sen u bergan imkoniyatdan qanday foydalanyapsan?! Bizning amaldorlar ham xalq yurgan yo‘ldan yurishi kerak. Uning qop-qora Mercedes Benz’da rayon markaziga borgani, u yerda hamma qo‘li ko‘ksida kutib olgani, bir-ikkita mahallaga kirib chiqqani ish emas. Ular kirib-chiqqanda ham hal bo‘lmayotgan ishlar ko‘p. Ular borib, haqiqatni ko‘rishi kerak. O‘sha yerning muammosini hal qilishi kerak. Kerak bo‘lsa, o‘sha yerga vagon olib borib yashasin. Birorta fuqaroga aytsa, bir kunga uyidan joy beradi. Issiq o‘rin beradi. Borib yashasin! Ularning bolalari kilometrlab yo‘l yo‘q joydan maktabga qatnab yuribdi”, deydi Kusherboyev.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev bilan to‘liq intervyuni YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev

Baholaganlar

326

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing