Hokimlar qanday qaror chiqarishni istasa, “qonunga to‘g‘ri keladi”... – Kusherboyev
Jamiyat
−
21 Oktabr 2020
11343So‘nggi vaqtlarda hokimliklar yoki Xalq deputatlari Kengashlarining qarorlari asosida jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulklarni davlat va jamiyat ehtiyoji sifatida buzib tashlanishi holatlaridan norozi bo‘lib murojaat qiluvchilar soni ko‘payib bormoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ma’lum qildi.
Deputatga ko‘ra, bu borada Surxondaryo viloyatining Angor, Jizzaxning Baxmal, Farg‘onaning Uchko‘prik, Toshkent viloyatining Zangiota, Quyichirchiq, Bo‘stonliq tumanlari hozircha yetakchilar qatorida bo‘lib turibdi.
Kusherboyev hokimlar yerga egalik huquqini bekor qilayotganda qonunga amal qilmayotganini achinish bilan aytib o‘tgan. Bu borada qonunchilik nima deyishiga ham e’tibor qaratgan.
“Ko‘p hollarda hokimliklar tomonidan fuqarolarga tegishli ko‘chmas mulklarni buzish yoki egalik huquqini bekor qilishda “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonun talablariga rioya etilmayapti. Xususan, ushbu qonunning 59-moddasida “manfaatdor shaxsning ishonchi himoya qilinishi lozim bo‘lgan hollarda, ma’muriy hujjatni bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi sud tartibida ko‘rib chiqiladi. Agar manfaatdor shaxs ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonib, ma’muriy hujjat asosida olingan mol-mulkdan foydalangan, o‘z mulkini tasarruf etish uchun bitim tuzgan yoki ma’muriy hujjatda belgilangan naf va imtiyozlardan boshqacha tarzda foydalangan bo‘lsa, uning ishonchi himoya qilinishi lozim” degan qoidaga ko‘ra, ko‘chmas mulkka nisbatan egalik huquqi bor fuqarolarning mulklarini buzish haqida hokimliklar o‘z tashabbusi bilan qarorlar qabul qilishga haqli emas. Fuqaroning egalik huquqiga doir hujjatga ishonchini himoya qilish nuqtai nazaridan mazkur holatda ish faqat sud tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.
Ushbu qonunning 16-moddasi ishonchning himoya qilinishi prinsipidan iborat bo‘lib, unga asosan vijdonan harakat qiluvchi manfaatdor shaxslarning ma’muriy hujjatga bo‘lgan ishonchi qonun bilan qo‘riqlanadi. Va qonunning 19-moddasiga asosan ma’muriy hujjatlar va ma’muriy harakatlar ma’muriy tartib-taomillarning prinsiplariga muvofiq bo‘lishi kerak”, deydi xalq vakili.
Kusherboyev qonunchilikda nima deyilganini eslatgach, barcha darajadagi hokimliklardagi hurmatli yuristlarga murojaat qilib, shunday deydi:
“Hokimlar qanday qaror chiqarishni istasa “qonunga to‘g‘ri keladi”, deb qo‘l qo‘yavermasdan hech bo‘lmasa ushbu qonun talablarini rioya etilishini ta’minlashlari kerak”.
Bundan tashqari, deputat joylarda tashkil etilgan adliya bo‘limlari ham fuqarolarning yer va ko‘chmas mulkka doir huquqlari bilan bog‘liq so‘nggi yillardagi hokimlarning qarorlarini tahlil qilib, zarur ko‘rsatmalar berib borishsa maqsadga muvofiq bo‘lishini qo‘shimcha qilgan.
“Zero, qonunlar ishlamasa jamiyat parokandalikka, mamlakat esa tanazzulga yuz tutadi”, deya so‘zini yakunlagan deputat.
LiveBarchasi