KXDR raketasi yoki Qo‘shtepa kanali – qay biri xavotirli? Kusherboyev TIV munosabatiga kinoya qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Tabiat resurslari vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev mamlakat Tashqi ishlar vazirligining Shimoliy Koreya raketa uchirishiga bildirgan xavotiriga Telegram'dagi kanalida kinoyali izoh qoldirdi. 

“Shimoliy Koreani raketa uchirganidan xavotir olayapmizu, lekin negadir Amudaryo suvini keskin kamaytirib, bir qator hududlarimizni suvsiz qoldirishi mumkin bo‘lgan Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali haqida xavotirlanmayapmiz. Men ko‘proq kanaldan xavotirdaman. Ishqilib xavotirlarim asossiz bo‘lib chiqsinda”, degan Kusherboyev.

Ta’kidlash joizki, Qo‘shtepa kanali Afg‘onistonning Balx, Jauzjon va Faryob viloyatlarida 3 million jerib (1 jerib – 2000 kvadrat metr) yerni sug‘orish va 250 mingga yaqin aholini ish bilan ta’minlash maqsadida qurilmoqda. Kanalning uzunligi 285 km, eni 100 metr, chuqurligi 8,5 metr bo‘lishi kerak. Kanal Amudaryoning Balx viloyati Kaldar tumanidagi qismidan boshlanadi va suvni xuddi shu daryodan oladi. 

2022 yil noyabr oyining oxirida kanalning qariyb 40 kilometr qismi qurib bitkazilgan. Loyihani yakunlash 2028 yilga mo‘ljallangan.

Mutaxassislar Qo‘shtepa kanali foydalanishga topshirilgach, hududdagi suv havzasi bilan bog‘liq vaziyat keskin yomonlashishidan xavotirda. Shusiz ham so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoning barcha respublikalarida suv tanqisligi tobora kuchayib borayotgan edi. Kanal qurilishi esa vaziyatni yanada keskinlashtiradi.

Ayniqsa O‘zbekiston va Turkmaniston eng ko‘p zarar ko‘rishi mumkin. Mamlakatlar mintaqaning asosiy daryosidan sug‘orish ishlari uchun oladigan suvning 15 foizini yo‘qotish ehtimoli bor. Lekin Markaziy Osiyoda suvning asosiy iste’molchisi O‘zbekiston bo‘lib, uning aholisi 36 million kishiga yetgan va o‘sishda davom etmoqda. Bundan tashqari, respublikadagi suvning 90 foizi qishloq xo‘jaligida foydalaniladi.

Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Koreya 31 may kuni Yaponiyaning Okinava oroli tomon birinchi razvedka sun’iy yo‘ldoshi bilan raketa uchirgandi. Ammo KXDR ma’muriyati sun’iy yo‘ldoshni uchirish muvaffaqiyatsiz bo‘lganini tan oldi. Bunga sabab raketa dvigatellari ishidagi muammolar va yoqilg‘ining beqarorligi bo‘lgani keltirildi. Shundan so‘ng Vashington ma’muriyati Shimoliy Koreyaning raketa tashuvchi uchirilishi Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va undan tashqarida vaziyatni beqarorlashtirish xavfini oshirishini bildirdi. Bugun, 1 iyun kuni esa O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Shimoliy Koreyaning kosmik raketa uchirganidan xavotir bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Rasul Kusherboev Shimoliy Koreya Qo'shtepa kanali

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing