Kursk viloyatining yana bir tumanida evakuatsiya boshlandi
Olam
−
13 avgust
4727Ukraina Qurolli kuchlari 6 avgustdan buyon faoliyat yuritayotgan Rossiya Federatsiyasi Kursk viloyatining Bolshesoldatskiy tumanida aholi o‘z kuchi bilan va mahalliy ma’muriyat yordamida evakuatsiya qilinmoqda. Bu haqda tuman rahbari Vladimir Zaysev bugun, 13 avgust kuni Telegram-kanalida xabar berdi.
“Men qo‘limdan kelgan hamma narsani qilaman: biz tinch aholini olib chiqamiz, harbiylarga yordam beramiz, oziq-ovqat bilan ta’minlaymiz, yong‘inlarni o‘chiramiz. Hududimizda shu kungacha hech qanday evakuatsiya qilinmagan. Hamma o‘zi ketdi, hech kim aralashmadi. Bugun biz hali ham evakuatsiya qilinishi kerak bo‘lganlar haqida ma’lumot yig‘moqdamiz”, deb yozdi rasmiy.
Zaysevning so‘zlariga ko‘ra, 12 avgust holatiga ko‘ra, hududda evakuatsiya bo‘yicha hech qanday so‘rov bo‘lmagan. Bolshesoldatskiy tumani Sudjanskiy tumani, Martinovka qishlog‘idan sakkiz kilometr uzoqlikda joylashgan. Telegram-kanallariga ko‘ra, ukrainalik harbiylar yetib kelgan, hududning o‘zida janglar ketmoqda.
Kursk viloyati rahbari vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov mintaqadagi 180 ming kishi evakuatsiya qilinishi kerakligini aytgan edi. “Gazeta.ru” internet-nashrining yozishicha, 12 avgustga kelib 121 ming aholi allaqachon uylarini tark etgan. Kursk viloyatining Glushkovskiy, Korenevskiy, Sudjanskiy tumanlarida ham aholining ixtiyoriy ravishda chiqib ketishi tashkil etildi. Shu bilan birga, qo‘shni Belgorod viloyatining Krasnoyarujskiy tumani aholisi uni deyarli butunlay tark etdi.
Ukraina Qurolli kuchlari 6 avgustdan beri Rossiya Federatsiyasining Kursk viloyatida operatsiya o‘tkazmoqda. Ukraina xavfsizlik xizmatining yuqori martabali mulozimining AFP agentligiga aytishicha, operatsiyada “minglab” Ukraina harbiylari ishtirok etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumning maqsadi frontni rus kuchlari uchun “cho‘zish” va Rossiya Federatsiyasini “beqarorlashtirish”.
LiveBarchasi