Mirziyoyev Ashraf G‘ani bilan koronavirus masalasini muhokama qildi

Jamiyat

image
Juda og‘ir bo‘ldi – afg‘onistonlik yigit koronavirusdan qanday qutulganini aytib berdi north_east

Juda og‘ir bo‘ldi – afg‘onistonlik yigit koronavirusdan qanday qutulganini aytib berdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 26 mart kuni Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida ikki davlat rahbarlari bahoriy Navro‘z ayyomi munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, eng ezgu tilaklarini bildirdilar.

Ushbu farovonlik va yangilanish bayrami do‘st xalqlarimizning madaniy-ma’naviy merosi mushtarakligi, tinchlik va ravnaq yo‘lidagi orzu-umidlari ramzi bo‘lib kelayotgani alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston rahbari, shuningdek, Ashraf G‘anini Afg‘oniston Prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi hamda unga mamlakatda barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalarga erishishda katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Ashraf G‘ani, o‘z navbatida, tabrik uchun, shuningdek, Afg‘onistonda tinchlikka erishish va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash yuzasidan ko‘rsatayotgan ko‘magi va faol sa’y-harakatlari uchun O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Afg‘oniston Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ikki yil avval o‘tkazilgan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi muhim voqea – afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha siyosiy jarayonni boshlash, manfaatdor tomonlar muloqotining o‘zaro maqbul shakl va mexanizmlarini izlashda "boshlang‘ich nuqta" bo‘lgani qayd etildi.

Muloqot chog‘ida mintaqada yangi turdagi koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq joriy vaziyat va ko‘rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. 

Prezident Ashraf G‘ani O‘zbekiston koronavirusga qarshi kurashishda ko‘rsatayotgan amaliy ko‘magi uchun alohida minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston mutaxassislari tomonidan bunyod etilgan va ekspluatatsiya qilinayotgan "Hayraton - Mozori Sharif" temir yo‘li, shuningdek, elektr energiyasi, oziq-ovqat va sanoat mahsulotlari yetkazib berilayotgani hamda savdo va gumanitar yuklarning yurtimiz hududi bo‘ylab tranziti hech qanday to‘siqlarsiz amalga oshirilayotgani va ko‘rsatilayotgan boshqa yordam ushbu pandemiyaga qarshi kurashishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi.

Davlat rahbarlari harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirishni davom ettirish hamda ikki mamlakatdagi sanitar-epidemiologik holatni nazorat qilish borasida qat’iy choralar ko‘rish muhimligini qayd etdilar.

Prezidentlar ikki tomonlama, avvalo savdo-iqtisodiy, energetika va transport-kommunikatsiya sohalaridagi hamkorlikning dolzarb masalalarini ham ko‘rib chiqdilar, shuningdek, xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Afg‘onistonning barqaror taraqqiyotini ta’minlash va xalq farovonligini oshirishga qaratilgan qo‘shma infratuzilma loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga kelishib olindi.

Ma’lumot o‘rnida, Afg‘onistonda koronavirusga chalinganlar ayni vaqtda 84 kishini tashkil etmoqda. Ulardan ikki nafari vafot etgan, 2 nafari virusdan qutulgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda mamlakatda 65 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ashraf G'ani

Baholaganlar

41

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing