“Ko‘rdim, chiroqni yoq!”: Qashqadaryoda saylov uchastkasidagi holat prokuraturaga topshirildi (video)

Jamiyat

image

Kecha, 22 dekabr kuni Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida ovoz berish tugashi bilan chiroq o‘chganda saylov komissiyasi a’zolari ovoz berish qutisiga soxta byulletenlarni tashlashga urindi. Mazkur holat tasvirlangan videoni bloger Karimberdi To‘ramurod Facebook`dagi sahifasiga joylashtirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Mirishkor tumani Jeynov shaharchasidagi 850-Kattapoy saylov uchastkasida olingan videoda ovoz berish tugugach, elektr energiyasi uzilishi bilan Qashqadaryo viloyati kengashi deputatligiga nomzod bo‘lgan Abduvohid Turdialiyevich Begaliyev foydasiga to‘ldirilgan byulletenlar bog‘lami saylov qutisiga tashlab yuborilgani haqida aytilgan.

Holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati saylov komissiyasi o‘rganish o‘tkazib, ma’lumot berdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 146-moddasida saylov komissiyalari a’zolari tomonidan saylov hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblash uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Jinoyat kodeksining 10-moddasida qilmishida jinoyat tarkibining mavjudligi aniqlangan har bir shaxs javobgarlikka tortilishi shart deb ta’kidlab o‘tilgan.

Xabar va unga ilova qilingan videotasvirdagi ma’lumotlar huquqiy baho berilishi uchun Mirishkor tuman prokuraturasiga taqdim etildi.

Qayd etib o‘tish joizki, Saylov kodeksining 96-moddasida saylov davomida yo‘l qo‘yilgan, ovoz berish yakunlariga ta’sir qilgan qoidabuzarliklar sababli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari bo‘yicha yoxud ayrim saylov uchastkalari bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkinligi belgilangan”, deyiladi Qashqadaryo viloyati saylov komissiyasi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, saylov uchastkasida elektr uzilishi holati Toshkent shahrida ham kuzatildi. Poytaxtda Yunusobod tumanidagi 10 ta saylov uchastkasi vaqtincha elektr enegiyasisiz qoldi.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo saylov

Baholaganlar

137

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing