Ko‘plab davlatlar o‘xshash muammolarga duch kelmoqda – Shavkat Mirziyoyev 

Jamiyat

image

Bugungi kunda ko‘plab davlatlar o‘xshash muammolarga duch kelmoqda. Biroq ular bo‘yicha bir mintaqada muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan yechimlar ko‘p hollarda boshqa mintaqalarda noma’lumligicha qolmoqda. Bu haqda bugun, 1 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “SHHT plyus” formati majlisidagi nutqida so‘z ochdi.

O‘zbekiston yetakchisi “SHHT plyus” formatini mintaqalararo muloqot maydoni sifatida rivojlantirishni muhim deb hisoblashini bildirgan.

“Barqaror o‘sish, yuqori texnologiyalarni joriy etish, iqlimga moslashish, inson kapitalini rivojlantirish, hammabop ta’lim va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi aniq yo‘nalishlarga e’tibor qaratishni taklif etaman.

Biz tajriba almashishni yanada kengaytirish, yondashuvlarni muvofiqlashtirish va Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida yechimlarni birgalikda ilgari surishimiz zarur”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston yetakchisining aytishicha, “SHHT plyus” mintaqaviy tashkilotlarning hamkorlik tarmog‘ini yaratish uchun platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Asosiy vazifa – makromintaqada loyihalarni birgalikda amalga oshirish maqsadida ularning kotibiyatlari va ixtisoslashgan organlari o‘rtasida doimiy ishchi aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Shu bilan birga, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy tashkilotlar salohiyatidan yanada faol foydalanish lozim. Ko‘plab davlatlar o‘xshash muammolarga duch kelmoqda. Biroq ular bo‘yicha bir mintaqada muvaffaqiyatli qo‘llanilayotgan yechimlar ko‘p hollarda boshqa mintaqalarda noma’lumligicha qolmoqda.

“Tajriba almashish mexanizmi sifatida tabiatdan foydalanish, “yashil” energetika, raqamli xizmatlar va sog‘liqni saqlash sohalarida mintaqalararo loyihalar va texnologiyalarning Ochiq bankini shakllantirishni taklif etaman.

Makromintaqamizda keng ko‘lamli iqtisodiy kooperatsiyani yanada rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Prezidentining aytishicha, biznes barcha joyda bozorlarga kirish tartib-taomillarining soddalashtirilishi, transchegaraviy yo‘laklarning ishga tushirilishi va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar oqimi ko‘rinishida amaliy natijalarni his qilishi lozim.

“Samaradorlikning ana shunday aniq ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratib, “SHHT Invest” forumiga doimiy faoliyat yurituvchi platforma tusini berishni taklif etaman”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, Prezident o‘tgan chorak asr davomida SHHT siyosiy tizimlari, madaniy an’analari va xalqaro jarayonlarga qarashlari turlicha bo‘lgan davlatlar o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha noyob tajriba to‘plaganini qayd etgan.

“Ushbu keng ko‘lamli almashinuvni rivojlantirish maqsadida “SHHT plyus” madaniyatlar va sivilizatsiyalar doimiy forumini ta’sis etishni taklif etaman.

Mazkur tadbirni BMTning manfaatdor tuzilmalari bilan birgalikda yurtimizda, ilm-fan va ma’rifatning qadimiy markazi bo‘lgan Xiva shahrida o‘tkazishga tayyormiz”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida Xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikning keng ko‘lamli masalalarini muhokama qilish uchun SHHTning Afg‘oniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash vaqti kelganini aytib, “SHHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” konseptual qarashini ishlab chiqishni taklif etgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing