“Ko‘p bolali oila” tushunchasining huquqiy maqomi belgilanyapti

Jamiyat

image

Kecha, 5 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda atroflicha ko‘rib chiqildi.

Mazkur yo‘nalishda o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, “ko‘p bolali oila” tushunchasiga aniq mezonlar belgilanmagani sababli davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlardan turlicha foydalanilayotgan faktlar mavjud bo‘lib, bu o‘z navbatida amaliyotda huquq normalarini qo‘llashda ijtimoiy adolat prinsiplarining buzilishiga olib kelmoqda. Jumladan, “ko‘p bolali oila” tushunchasi 21 ta qonun hujjatida, 5 ta qonunda qo‘llanilib, ularda bu tushunchalarga turli talqinlar berilgan. Yuqoridagilarni hisobga olgan holda bugungi kunda qonun hujjatlarida ko‘p bolali oilalarning huquqiy maqomini aniq belgilash zarurati vujudga kelgan.

Qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga “ko‘p bolali oila” tushunchasi va uning huquqiy maqomini belgilovchi qo‘shimcha kiritilmoqda. Unga ko‘ra, to‘rt nafar va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan oila ko‘p bolali oila hisoblanadi. Bunda agar to‘rt nafar va undan ortiq bolalaridan bir nafari yoki undan ko‘prog‘i ta’limning kunduzgi shaklida o‘qiyotgan hamda yigirma ikki yoshga to‘lmagan bo‘lsa, bu oila ham ko‘p bolali oilalar toifasiga kiritiladi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotidagi turli xil yondashuvlarning bartaraf etilishiga, davlat himoyasiga muhtoj bo‘lgan ko‘p bolali oilalarga ijtimoiy adolat prinsipi asosida imtiyozlar berilishiga, jumladan turar-joy, yer ajratish, soliq to‘lovlari va boshqa bir qator imtiyozlardan keng foydalanishga huquqiy asos yaratadi hamda ularni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

qonun oila bola

Baholaganlar

219

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing