Kun tartibida “kozyol”lik: Kusherboyev, Qodirov va Allamjonov kamera borasida tortishyapti

Jamiyat

image

O‘zbekistonda tadbirkorlar tomonidan ko‘chalarda yo‘l harakati qoidabuzarliklarini qayd etuvchi kameralarning o‘rnatilishi kun tartibiga chiqib ulgurdi. Bu masala jamoatchilik tomonidan jiddiy muhokama qilinyapti va aholi noroziliklariga sabab bo‘lyapti. Fuqarolar qoidabuzarliklarni suratga olib, jarimaga tortish va shu orqali pul ishlashni “kozyol”lik deb baholayapti.

Hozirgacha ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgan holatga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev, Alisher Qodirov va Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov o‘zi munosabatini bildirib o‘tdi.

Kusherboyev o‘z munosabatini deputat sifatida, balki barcha qatori haydovchi pozitsiyasidan bildirayotganini alohida urg‘ulagan.

“Tadbirkorlarning radar qo‘yishi haqida gapiradigan bo‘lsam, omadini bersin, qo‘yaverishsin. Men ham deputat sifatida “ha bu tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, u yoq, bu yoq”, deb fikrlarga qo‘shilishim mumkin. Lekin oddiy fuqaro, haydovchi sifatida aytadigan bo‘lsam, bu odamlarning psixologiyasiga juda yomon ta’sir qilyapti. Biz yetarli infrastruktura yaratmay turib hamma joyga radar qo‘ydik, yana telefonda suratga olib, jo‘natvorsa pul beradi deb… Qo‘pol qilib aytganda “kozyol”lar jamiyatiga o‘xshab ketyapti”, degan Kusherbov.

Deputa bugun 10-15 ming so‘m uchun boshqa birovni sotayotgan odamlar vaqti kelib, ko‘proq pul uchun Vatanini ham sotishga tayyor bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tgan.

“Men ham oddiy insonman. Bu “sotqinlik, “kozyol”lik-ku, deb men ham aytaman. Avvalo, sen kimgadir shuni qo‘llayotgan bo‘lsang, shuning o‘rnida ota-onang yoki o‘zing bo‘lishingni tasavvur qil, o‘zingdan o‘tkazgin. Agar o‘zingda og‘rimasa, shuni qil, degan bo‘lar edim. Balki, bu insonlar uchun sinovdir. Lekin men shuni bildimki, o‘zining foydasi yo‘lida hech narsadan tap tortmaydigan odamlar ko‘p ekan. Ularga 10-15 ming so‘m beryaptimi, ertaga 100 ming so‘m berib, Vataningni sot, desa ham sotvorishga tayyorlar ko‘p ekan. Bu juda yomon. Vaqti kelib bu to‘xtar. Agar mening qo‘limda bo‘lganida to‘xtatgan bo‘lar edim.

Bu deputatlar aralashuvisiz bo‘lyapti. Deputatlar faqat qonun qabul qiladi. Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazyapti. Yana bir marta aytaman, bu yaxshimas aslida. Lekin profilaktika uchun deb kimlardir aytayotgandir, to‘g‘risini aytsam, men bunga qo‘shilmagan bo‘lar edim. Bu qanday tarbiya? Sotqinlarni yetishtirib chiqarayotganga o‘xshab qolyapti-da. Bu ertaga nima oqibatlarga olib kelishi mumkin? Ya’niki, shundan qaytmagan odam, ertaga bundan ham og‘irroq narsani taklif qilsangiz “pul uchun tap tortmaydigan odamlarni” yaratib qo‘ymayapmizmi, degan joyi ham bor. Biroq ikkinchi tomoni yo‘llarda tartib bo‘lishiga sharoit yaratib beradi”, deya jamiyatdagi ahvolga ham to‘xtalib o‘tgan Kusherboyev.

Shundan so‘ng, u qoidabuzarliklarga qarshi bu darajada qattiq kurashish uchun avvalo infratuzilmani yaxshilash kerakligini alohida ta’kidlagan.

“Lekin “parkovka” masalasi, yo‘llarning ahvoli — ta’mirtalabligi, ba’zan majbur bo‘lib qoidani buzib qo‘yadi. Hamma sharoit qilib qo‘yilgan bo‘lsa, o‘shanda ham odamlar ochiqchasiga [qoida] buzayotgan bo‘lsa, bu haddidan oshibdi, mana shu yerga qilish kerak, ya’ni boshqalar ham rasmga olib jo‘nataversin, der edim. Lekin haligacha infratuzilma yaxshi qilib berilmagan-ku. Ba’zi joylarda, bozorlar va yirik savdo majmualari atrofida “parkovka”ning o‘zi yo‘q. Markazda ishxonalar joylashgan joyga boring, aylanib yuraverasiz qayerga qo‘yishni bilmay. Kasalxonalarni oldida sharoit yo‘q. Majbur bo‘lasiz qoidani buzib qo‘yishga. Nima qilish kerak?”, degan Rasul Kusherboyev.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov esa Kusherboyevning fikrlariga qarshi chiqdi.

“Jamiyat qonunbuzarliklarni berkitishi kerak emas. Bu haqda gapirgan odamlar “kozyol”ga chiqishi xato. Mana, yaqinda bir odam kichkina bir qizni o‘g‘irlab ketayotgan payt, bu holat ham odamlar yordamida, ularning videolari orqali bartaraf etildi. Demak, ular ham "kozyol"mi? Logika shunday bo‘lyapti.

Albatta, odamlar orasida “solidarnost” bo‘lishi kerak, lekin qonun-qoida buzilishini yashirishda emas. Biz tartibli va xuquqiy jamiyat qurishga intilishimiz, uni targ‘ib qilishimiz kerak. O‘zi shundoq ham ko‘p masalalar “ne po zakonu, a po ponyatiyam” hal qilinadigan bo‘lib qoldi”, deya yozgan Allamjonov.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi deputat Alisher Qodirov esa bu masala yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib ulgurdi. U bu masalada kamera o‘rnatishninig ashaddiy tarafdori ekanini yashirib o‘tirmagan.

“Xuquqbuzarlik doimo xuquqbuzarlikdir. Jazolanishi shart. U rasman qayd etiladimi, fuqaro tomonidan xabar beriladimi, farqi yo‘q. Jarima og‘irmi? Tartibga rioya qilib yashang, tamom. 

Qoidabuzarlik haqida xabar bergan “xoin”lardan emas, egoist va loqaydlardan qo‘rqish kerak. 

Xatoingizni "sotganlar" ko‘zingizga qancha balodek ko‘rinmasin, hech bo‘lmasa keyingi safar xatoni takrorlamaslikka yordam beradi. Egoist va loqaydlar esa manfaatiga to‘g‘ri kelmasa nafaqat tartibbuzar, balki terrorchini ham ko‘rmay qolishi mumkin”, degan Qodirov.

Adliya vazirligining Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat boshqarmasi boshlig‘i Shohidaxon Yo‘ldosheva deputat Rasul Kusherboyevning mavzu yuzasidan fikriga munosabat bildirdi.

“Aslida, huquqbuzarlarga nisbatan “sotqinlik” jamiyatga va Vatanga sadoqat deb qaralishi kerak. Shu axloqdan bo‘ladi!”, deydi vazirlik vakili.

Vazirlik rasmiysi qonun chiqaruvchi hokimiyat vakilining gaplari “jamiyatimiz uchun mutlaqo kutilmagan teskari signal” bo‘lganini qayd etib shunday savol qo‘ygan: “Deputat qonun ustuvorligi uchun xizmat qilmasa, davlat qayerga boradi?”

Yo‘ldosheva faqat haydovchilargina yo‘l harakati ishtirokchisi emasligini eslatib, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda yuz bergan turli YTHlarda 10 mingdan ortiq odam o‘lgani, bundan ikki barobar ko‘p inson jarohatlanganiga e’tibor qaratgan.

“Huquqbuzarliklarning oldini olayotganlarga “sotqin” ta’rifi yopishtirilsa, u holda men ham ana shunday “sotqin” bo‘lishga tayyorman va bundan faxrlanaman”, deya yozgan u maqolasida.

“Yuksalish” umummilliy harakati munozarali mavzuga to‘xtalib, tadbirkorlar tomonidan avtomobil yo‘llariga kameralar o‘rnatish tartibini joriy qilishda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratishga chaqirdi. Xususan, tashkilot quyidagi muhim masalalarni qayd etgan:

•    kameralar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan nuqtalarda yo‘l belgilari talab darajada bo‘lishini ta’minlash;
•    bozorlar, aholi gavjum joylar atrofida avtoturargohlar yetarli bo‘lishini hisobga olish;
•    favqulodda vaziyatlarda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklarni inobatga olish;
•    tizim yordamida aniqlangan qoidabuzarliklardan undirilgan jarimalar qayerga sarflanayotganini jamoatchilikka e’lon qilib borish.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil dekabr oyida "Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Prezident qarori qabul qilingandi. Qarorga ko‘ra, 1 martdan boshlab tadbirkorlarga yo‘l harakati buzilganini qayd etuvchi kamera va radarlar o‘rnatish huquqi beriladi. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy texnik vositalari o‘rnatiladigan joylarni tadbirkorlarga biriktirish elektron auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

kamera

Baholaganlar

350

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing