Farg‘onadagi mahorat markazida yashirin kamera o‘rnatgan o‘qituvchi uzr so‘rab chiqdi

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatida joylashgan Farg‘ona pedagogika mahorat markazidagi xonalardan birida yashirin kamera o‘rnatilgani aks etgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi  ma’lumot berdi.

Kamera xonadagi shkaf ustida turgan, qo‘l mehnati bilan yasalgan kichik uycha ichiga o‘rnatilgan. Uni mahorat markaziga malaka oshirishga kelgan o‘qituvchilar topib olgan. Ular holatni video tasvirga olib, yashirin kamera o‘rnatilganidan norozi bo‘lgan hamda xonada ayrim ayol-qizlar usti-boshini ham almashtirganini aytgan.

Holat Farg‘ona viloyati IIB tomonidan o‘rganib chiqilgan. O‘rganish jarayonida ushbu xona ayollar xonasi emas, dars mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan auditoriya ekani, kamerani markaz o‘qituvchilaridan biri o‘rnatib qo‘ygani aniqlangan.

“Kuzatuv kamerasi aynan o‘sha auditoriyaning kamerasi ishlamay qolganligi sababli qo‘yilgan edi. U o‘quv xonasi bo‘lgan. Kafedramizning 6 ta auditoriyasi bor. Markazimizda hech qanday yechinib-kiyinish xonasi ham, yotoqxona ham mavjud emas. Biz qilgan bitta xatomiz kamerani ochiq o‘rnatmaganimiz. Men bu darajada shov-shuv bo‘lib ketadi, deb o‘ylamagandim. Albatta, bu kamchiligimizni to‘g‘rilashga harakat qilamiz. Afsusdaman, uzr so‘rayman. Maqsadim shu dars jarayoni haqida ma’lumotga ega bo‘lish edi”, degan kamerani o‘rnatib qo‘ygan o‘qituvchi.

Holat yuzasidan markaz bergan rasmiy munosabatda keltirilishicha, holat tegishli tartibda hududiy markaz mas’ullari tomonidan o‘rganib chiqilgan.

“Joriy yilning 12 sentyabr kuni hududiy markazga kelgan tinglovchilar 34-auditoriyada targ‘ibot vositasi sifatida qo‘yilgan o‘qituvchilar qo‘l mehnati bilan ishlangan kichik uychani ko‘zdan kechirishayotganda uning ichida kichik kamera tasvirga olayayotganining guvohi bo‘lishgan. Voqelikdan markaz mutasaddilarini ogohlantirishgan. Shu kuni ma’muriyat tomonidan mazkur kamera nima maqsadda qo‘yilgani mavhum bo‘lgani uchun huquq-tartibot idoralariga holatga oydinlik kiritishga yordam berishlarini so‘rab murojaat qilindi”, deyilgan markaz munosabatida.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan hujjatlar rasmiylashtirilgan. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatining Shahrixon tibbiyot birlashmasiga qarashli UTT (Ultratovush tekshiruvi) xonasiga kamera o‘rnatilgani haqida xabar berilgandi. Qo‘qon davlat pedagogika institutining qizlar yotoqxonasiga kuzatuv kamerasini o‘rnatgan, 4 kishi esa jarimaga tortilgandi.  

 


Maqola muallifi

Teglar

Farg'ona viloyati kamera mahorat markazi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing