Kun boshidan beri uchinchi samolyot hodisasi ro‘y berdi. Bu safar Norvegiyada (video)

Olam

image

KLM Royal Dutch Airlines aviakompaniyasining Boeing 737-800 samolyoti gidravlik tizimdagi nosozlik tufayli Norvegiyada favqulodda qo‘nishga majbur bo‘ldi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Reys Oslodan Amsterdamga yo‘l olgan, biroq Norvegiya poytaxtidan 110 km janubda joylashgan Sandeford aeroportiga yo‘naltirilgan. Muvaffaqiyatli qo‘nganiga qaramay, samolyot 18-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va o‘tloq yuzasida to‘xtab qoldi. Samolyot bortida 182 kishi, jumladan yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari bo‘lgan. Hech kim jabrlanmagan.

“Oslodan Amsterdamga KL1204 reysi havoga ko‘tarilayotganda baland shovqin eshitildi. Ekipaj samolyotni Sandeford aeroportiga yo‘naltirishga qaror qildi. Past tezlikda qo‘ngach, Boeing 737 uchish-qo‘nish yo‘lagidan chimga qarab harakatlanib ketdi. Hammasi bo‘lib bortda 176 yo‘lovchi va 6 ekipaj a’zosi bo‘lgan, ular jabrlanmagan va hozirda nazorat ostida”, deyiladi aviakompaniya rasmiy bayonotida.

Samolyotdan yo‘lovchilar mobil narvonlar yordamida evakuatsiya qilingan. Voqea joyiga qutqaruv xizmatlari tezda yetib kelgan. Hozirda rasmiylar va aviakompaniya vakillari yo‘lovchilar va ekipajga zarur yordam ko‘rsatmoqda. Tergov doirasida gidravlik nosozlik sabablari va hodisaga taalluqli holatlar ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 29 dekabr kuni Janubiy Koreyadagi aeroportda bortida 181 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchragandi. Samolyot mamlakat janubi-g‘arbidagi Muan xalqaro aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va qo‘nish yo‘lagi tashqarisidagi to‘siqqa urilib, yonib ketgan.

Xabar qilinishicha, ichida 175 yo‘lovchi va olti nafar bort xodimi bo‘lgan Jeju Air samolyoti Tailandning Bangkok shahridan qaytayotgan va qo‘nayotgan vaqtda avariyaga uchragan. Yo‘lovchilarning 173 nafari Janubiy Koreya fuqarosi va ikki nafari Tailand fuqarosi bo‘lgan. Halokatga uchragan Boeing bir kun oldin ham bortdagi favqulodda vaziyat to‘g‘risida xabar bergan. O‘shanda havo kemasi parvozni davom ettirishdan oldin majburiy qo‘nishni amalga oshirgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 179 kishi halok bo‘lgan. Omon qolgan ikki kishi – bir yo‘lovchi va ekipaj a’zolaridan biri.

Shuningdek, Kanadaning PAL Airlines aviakompaniyasining Sent-Jonsdan uchib kelgan samolyoti Galifaks aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagiga qanoti bilan urilganidan keyin yonib ketgan. Galifaks aeroporti samolyot bilan sodir bo‘lgan voqea tufayli vaqtincha yopilgan. Samolyotdagi barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari tushirilgan va aerodromdan olib ketilgan. Yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari soni esa hozircha ma’lum emas.


Maqola muallifi

Teglar

Norvegiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing