Kuleba Kiyev uchun eng katta muammo nimaligini aytdi
Olam
−
29 avgust
9709Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Kiyev Rossiya Federatsiyasi bilan to‘qnashuvda duch keladigan eng katta muammo ittifoqchilarning mojaro kuchayib ketishidan xavfsirab, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishdan qo‘rqishi ekanini aytdi. Bu haqda “Yevropeyskaya pravda” xabar berdi.
“Mojaro juda ko‘p resurslar, pul, kuch, texnikani oladi. Ammo eng katta muammolar har doim odamlardan boshlanadi. Rossiya bosqini boshlanganidan beri Ukraina duch kelgan eng katta muammo shundaki, ittifoqchilarimizning qaror qabul qilishida mojaroning kuchayishidan qo‘rqish ustunlik qildi. Siz buni bilmasligingiz mumkin, ammo Ukrainaning yangi turdagi qurollarni taqdim etish bo‘yicha har bir so‘rovi dastlab rad etildi. Agar eskalatsiyadan qo‘rqish ittifoqchilarning qaroriga ta’sir qiladigan asosiy omil bo‘lmaganida edi, Ukraina hozir ancha yaxshi holatda bo‘lar edi va zarur qurollarni ancha oldinroq olgan bo‘lar edi”, deydi vazir.
Kulebaning fikricha, mojaroning kechikishi ukrainaliklarning hayotiga zomin bo‘lgan va Ukraina iqtisodiyotiga ta’sir qilgan.
“Eng katta qiyinchilik ittifoqchilarni Moskvaning reaksiyasi haqida o‘ylamasdan, Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga ishontirishdir. Rossiyaliklar bizning hududimizga yuz minglab raketalar va snaryadlarni tashladi. Nima uchun? Chunki ular juda aniq strategiya va maqsadga ega –Ukrainani yo‘q qilish. Rossiyaning reaksiyasidan qo‘rqmang, biz qo‘rqmaymiz. Biz hech narsadan qo‘rqmaymiz. Bizga yordam bering. Bizga kerak bo‘lgan narsani bering. Biz bu urushda g‘alaba qozonamiz va keyin tarix kitoblarida qanday qilib birgalikda qaror qabul qilganimizni o‘qiymiz”, deya ta’kidladi Ukraina TIV rahbari.
Ukraina TIV matbuot xizmatining xabar berishicha, Kuleba ikki tomonlama uchrashuv va polshalik mavqedoshi bilan qo‘shma panelda ishtirok etish doirasida keng ko‘lamli masalalarni batafsil muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukraina ittifoqchilari Rossiyaning mamlakat hududiga yangi yirik hujumlari munosabati bilan harbiy yordamni kengaytirish niyatida ekanini e’lon qilgandi.
Zebo Turobjonova