Kuleba Germaniya rasmiylarini Merkelning “xatosini” takrorlamaslikka chaqirdi
Olam
−
01 iyul 2023
7884Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Germaniya hukumatini sobiq kansler Angela Merkel kabi o‘z mamlakatining NATOga kirishiga qarshi chiqmaslikka chaqirdi. Bu haqda u bugun, 1 iyul kuni “Welt am Sonntag” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Mening signalim oddiy: kansler Merkel 2008 yilda Buxarestda Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi bo‘yicha har qanday taraqqiyotga qarshi chiqqanida qilgan xatosini takrorlamang”, deydi Kuleba.
Uning aytishicha, Merkelning harakatlari Rossiya tomonidan Qrimning anneksiya qilinishiga xizmat qilgan. Ukraina vazirining so‘zlariga ko‘ra, NATO yetakchilarining xatosi shundaki, ular Ukrainaning alyansga a’zo bo‘lishini “yangi urush sari yo‘l” deb biladi.
"Aslida esa bu tinchlikka olib boradigan yo‘l", deya ta’kidlagan Ukraina TIV rahbari.
Shuningdek, Kuleba G‘arb davlatlari Kiyevga jangovar samolyotlar yetkazib berishiga umid bildirgan.
"Ammo biz realist bo‘lishimiz kerak: F-16 yoki boshqa G‘arb samolyotlarini yetkazib berish vaqt talab etadi. Biz uchuvchilar va texniklarni, infratuzilmani tayyorlashimiz va ularni yetkazib bermoqchi bo‘lgan davlatlardagi ba’zi huquqiy muammolarni hal qilishimiz kerak. Yaxshi xabar shundaki, bu ishlarning hammasi hozirdanoq olib borilmoqda. G‘arb samolyotlari Ukraina havo hududida jang qilishiga shubha qilmayman", degan Kuleba.
Bundan tashqari, TIV rahbari Ukraina Qurolli kuchlarining qarshi hujumi paytida muammolar mavjudligini tan olgan va bu boshqa narsalar qatori, Rossiyaning havodagi ustunligi bilan bog‘liq ekanini aytgan.
“Bizning quruqlikdagi qo‘shinlarimiz havo hujumidan mudofaa qobiliyatiga ega emas. Vertolyotlar va samolyotlardan keng foydalanish orqali ular bizning qarshi hujumdagi kuchlarimizga zarba berishga muvaffaq bo‘ldi. Eng muhimi, biz hamma narsaga qaramay, oldinga intilyapmiz”, degan Ukraina Tashqi ishlar vaziri.
Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish masalasi
Shu yilning 11-12 iyul kunlari bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti arafasida Kiyev alyansga qo‘shilish da’volari bilan bog‘liq ritorikani kuchaytirgan. Kuleba har kuni blokka kirgan mamlakatlardagi mavqedoshlari bilan telefon suhbatlarida shu masalani muhokama qilgan. Ukraina Prezidenti devonining rahbari Andrey Yermakning aytishicha, Kiyev ushbu sammitda tashkilotga soddalashtirilgan tartib asosida a’zo bo‘lish taklifini olishni kutmoqda.
Shu bilan birga, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg harbiy harakatlar paytida Ukrainani alyansga qabul qilish mumkin emasligini, a’zo davlatlar va Kiyev buni tushunishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vilnyusdagi sammitda Ukrainani alyansga yaqinlashtirish, Ukraina-NATO kengashini tuzish va Kiyevga ko‘p yillik harbiy ta’minot dasturini ta’minlash rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyevda Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida G‘arbdagi hamkorlarini ukrainalik harbiylarni F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarishga o‘qitishni kechiktirgani uchun qoralab, o‘quv missiyalari jadvali haligacha yo‘qligini aytgandi.
LiveBarchasi