Ko‘krak bezi saratoni erkaklarda ham uchraydi. Professor Lola Alimxo‘jayeva bilan suhbat
Intervyu
−
03 aprel 2021
18478Ko‘krak bezi saratoni erkaklarda ham uchrashini bilasizmi? O‘zbekistonda yiliga kamida 6 nafar erkak ushbu xastalikka chalinishini-chi? Bu haqda Respublikasi onkologiya ilmiy markazi Onkomammologiya bo‘limi rahbari, Respublika bosh mammologi, professor Lola Alimxo‘jayeva QALAMPIR.UZ’ning “Jim turing” loyihasida ma’lum qildi.
“Ko‘krak bezi saratoniga chalinish nafaqat O‘zbekistonda, balki boshqa davlatlarda ham birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili 1,5 million ayolda sut bezi saratoni aniqlanadi. Statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘krak bezi saratoniga chalingan har 100 nafar bemorga bir erkak to‘g‘ri keladi. Erkaklarning ham ko‘krak bezi saratoniga chalinish holatlari ko‘payib borayotgani sabab bugungi kunda ko‘krak beziga chalinayotgan 100 bemorning uch nafari erkaklarga to‘g‘ri kelayotgan holatlar ham mavjud.
Bir yilda kamida 6 nafar erkakda ko‘krak bezi saratonini aniqlaymiz. Bu erkaklar ham ayollar kabi davolanish bosqichlaridan o‘tadi. Kimyo terapiyasi, garmon, operatsiya... Biroq, erkaklarda ushbu kasallikning o‘ta xavfli turi uchraydi. Ko‘pchilik birinchi bosqichda emas, kasallikning eng og‘ir davri – to‘rtinchi bosqichda murojaat qiladi. Chunki o‘z vaqtida sezishmaydi”, deydi mutaxassis.
Ma’lumki, bugungi kunda qadamda sport zallarga, fitnes-klublarga duch kelamiz. Ularda ko‘pchilik yigitlar mushaklarini baquvvat qilish uchun turli kimyoviy vositalardan tayyorlangan kokteyllarni iste’mol qiladi. Professor Lola Alimxo‘jayevaga ko‘ra, ushbu vositalar ham erkaklarda ko‘krak bezi saratoni vujudga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
“Ko‘p yigitlarimiz sport zallariga borib, bilib-bilmay turli kokteyllar iste’mol qilishadi. Bu kokteyllar tarkibida esa garmon, estrogen moddalar juda ko‘p. Bular esa saraton hujayralarini kuchaytirib yuboradi. Mushaklarni shishiraman, qomatim chiroyli bo‘ladi deb, kasallik orttirib olganlarini bilmay qolishadi”, deydi u.
Ko‘krak bezi saratoni – bu ko‘krak bezi to‘qimalarining xavfli o‘smasi. Dunyo miqyosida bu ayollar orasida eng keng tarqalgan saraton kasalligi bo‘lib, kasallik 13 yoshdan 90 yoshgacha bo‘lgan iizlar va ayollarda uchraydi. U shuningdek, umumiy populyatsiyada o‘pka saratonidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
JSST mutaxassislarining fikriga ko‘ra, dunyoda har yili ko‘krak bezi saratonining 800 mingdan 1 milliongacha yangi holatlari ro‘yxatga olinadi. Saratonning ushbu turi ayollar orasida o‘lim holatlari bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Amerika Qo‘shma Shtatlari va G‘arbiy Yevropada kasallanish darajasi eng yuqori.
1970-yillardan keyin rivojlangan mamlakatlarda ko‘krak bezi saratoni bilan kasallanganlar sonining keskin o‘sishi ushbu mamlakatlar aholisining o‘zgargan turmush tarzi bilan bog‘liq. Xususan, oilalarda bolalar kamligi va emizish vaqti ozligi yoki yarimtayyor mahsulotlardan foydalanilayotgani asosiy sabablardan biri.
65 yoshdan keyin ko‘krak bezi saratoniga chalinish xavfi 65 yoshdagiga qaraganda 5-8 marta yuqori. Shuningdek, 30 yoshga qaraganda deyarli 150 baravar yuqori.
Respublika bosh mammologi, professor Lola Alimxo‘jayeva bilan eksklyuziv suhbat yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi