Kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni reklama qilganlar javobgarlikka tortiladi

Jamiyat

image

Endilikda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni internetda tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilanadi. Bu haqda bugun, 5 oktyabr kuni Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim kodekslarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarda so‘z boradi.

Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlaridan va internetdan foydalanish orqali qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Shuningdek, giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda olganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoki jo‘natganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, o‘sha harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo‘llanishi belgilandi:

  • Bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda jarima;
  • 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
  • 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
  • 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
  • 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

modda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing