Ko‘chirmakashlikda ayblangan professor o‘lik holda topildi

Olam

image

Kembrij universitetining eng yosh qora tanli professori bo‘lgan britaniyalik sotsiolog Jeyson Ardey kecha, 14 avgust kuni Londonning Battersi hududidagi uyda o‘lik holda topildi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Ardey 2023 yilda 37 yoshida Kembrij universitetining eng yosh qora tanli professori bo‘lgan. U o‘tgan hafta ilmiy faoliyatidagi plagiat ayblovlari va kuchaygan jamoatchilik bosimi ortidan universitetdagi lavozimidan iste’foga chiqqan.

Britaniya OAVlari xabarlariga ko‘ra, Ardey 14 avgust kuni tushdan keyin uyida hushsiz holatda topilgan. London Metropoliten politsiyasi 41 yoshli erkak Battersi hududida vafot etganini tasdiqlagan. Politsiya uning o‘limini kutilmagan hodisa deb baholagan, biroq shubhali deb hisoblamagan.

Ardey o‘ziga bildirilgan plagiat ayblovlarini rad etgan, biroq doktorlik dissertatsiyasi ustida ishlash jarayonida ayrim xatolarga yo‘l qo‘yganini tan olgan. Uning 2015 yilda himoya qilgan doktorlik dissertatsiyasida boshqa tadqiqotchining avvalgi ishiga o‘xshash yoki aynan bir xil bo‘lgan bir nechta parchalar borligi haqida xabarlar tarqalgan.

Shuningdek, uning sport va xayriya faoliyati haqidagi ayrim da’volari ham shubha ostiga olingan. Jumladan, Ardey xayriya uchun 5,5 million funt sterling mablag‘ to‘plagani, 35 kun ichida 30 ta marafonda qatnashgani va olti kun ichida 600 mil masofani bosib o‘tgani haqida ma’lumot bergan.

Kembrij universiteti dastlab Ardeyni himoya qilgan va plagiat haqidagi da’volar u doktorlik darajasini olgan Liverpul Jon Mures universiteti tomonidan tekshirilganini bildirgan. Keyinchalik esa Ardeyning ilmiy darajasi va faxriy lavozimlariga oid yangi ma’lumotlar sabab ichki tekshiruv boshlanganini ma’lum qilgan.

Ardey iste’foga chiqishi haqidagi bayonotida tinmay ayblovlar, taxminlar va jamoatchilik muhokamalari o‘ziga hamda yaqinlariga jiddiy ta’sir qilganini bildirgan. U iste’fosini o‘ziga nisbatan bildirilgan da’volarni tan olishi sifatida qabul qilmaslik kerakligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistoni qirollik oilasi a’zosi Abdulloh bin Fahd bin Abdulloh bin Abdulaziz bin Jallaviy Ol Saud Londondagi hashamatli mehmonxonada o‘lik holda topilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing