Midweek: Boy berilgan Istanbul, oxiri ko‘rinmayotgan namoyishlar, G‘azodagi “sug‘ur kuni”
Tahlil
−
27 mart
3203Turkiyada roppa-rosa bir hafta oldin boshlangan namoyishlar hali ham to‘xtagani yo‘q. Namoyishchilar asta-sekin qizil chiziqlarni ham bosishni boshladi. Prezident Erdo‘g‘anning manziliga yo‘llangan haqoratlar shular jumlasidandir.
Muxolifatdagi JXP esa Istanbuldagi boshqaruvni o‘z qo‘lida saqlab qoldi. Imomo‘g‘lining qamalishi ortidan bo‘sh qolgan hokimiyatni uning partiyadoshi egallashga muvaffaq bo‘ldi.
Oq uyning sirlari kutilmaganda tashqariga sizib chiqdi. Trampning Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts tomonidan yo‘l qo‘yilgan ongli yoki kutilmagan xato tufayli jurnalist AQSH rasmiylarining maxfiy so‘zlashuvlarini ilib ketdi.
G‘azoda gumanitar vaziyat yana falokat yoqasida. Isroil sektordagi qirg‘in ko‘lamini kengaytirmoqda.
Turkiyadagi so‘nggi voqealar
Muxolifatdagi JXP 2028 yilgi prezidentlik saylovi uchun korrupsiya ayblovi bilan hibsga olingan va hatto ayni damda oliy ma’lumotli statusiga ham ega bo‘lmagan Ekrem Imomo‘g‘li nomzodini ko‘rsatdi. 23 mart kuni o‘tkazilgan praymerizda salkam 15 milliondan ortiq kishi u uchun ovoz berdi. Bu orada esa Turkiyaning yirik shaharlarida namoyishlar alangasi to‘xtagani yo‘q. Istanbul, Anqara va Izmirda keng qamrovli mitinglar taqiqlangan bo‘lsa-da, mazkur shaharlarda minglab namoyishchilar ko‘chalarga chiqmoqda. Namoyishchilarning asosiy qismini universitet talabalari tashkil qilmoqda. Namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashuvlarga kirishib, ularga qo‘lga ilingan har qanday narsani uloqtirmoqda. Tarkibida 81 viloyat mavjud bo‘lgan Turkiyaning 50 dan ortiq viloyatida namoyishlar o‘tkazildi. Istanbullik jurnalist Abdurahmon Kamburo‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilarga hatto mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning ba’zi safdoshlari ham ehtiyotkorlik bilan qo‘llab-quvvatlov bildirgan. Jumladan, Erdo‘g‘anga begona bo‘lmagan sobiq prezident Abdulloh Gul ham Imomo‘g‘lining qamalishini qo‘llab-quvvatlamayotgani haqida xabarlar bor. Ko‘pchilik Imomo‘g‘lining hibsga olinishi noto‘g‘ri qadam ekani va bu hukmron partiya reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Erdo‘g‘an esa bu voqealarning barcha ehtimoliy oqibatlarini o‘zidan soqit qilyapti. Turkiya Prezidenti mamlakatda davom etayotgan zo‘ravonlik to‘lqini uchun muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi va uning raisi O‘zg‘ur O‘zel javobgar ekanini aytdi. Erdo‘g‘an muxolifatdan “agar mard bo‘lsa korrupsiyaning hisobini berishni” ham so‘radi.
JXP hamda Adolat va taraqqiyot partiyasi o‘rtasidagi shu kabi dahanaki janglar pallasida Turkiya ko‘chalaridagi namoyishlar borgan sari keskinlashmoqda. Bugungacha mingdan ortiq namoyishchilar hibsga olindi, yuzlab politsiyachilar jarohatlandi. Turkiya Ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya 19-23 mart oralig‘ida qo‘lga olingan 1133 nafar qoidabuzarlar ichidan 12 nafari terrorchi tashkilotlar bilan aloqador ekani haqida ma’lum qildi. Bu esa namoyishlar ayni paytda yanada jiddiy tus olganidan dalolat beradi. Ichki ishlar vazirligi esa ko‘chalardagi norozilik harakatlarida ishtirok etayotgan fuqarolarni tartib-intizomga rioya qilish va sog‘lom fikr bilan ish tutishga chaqirmoqda. Shuningdek, Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ortidan o‘tkazilayotgan mitinglarni telekanallarda efirga uzatish taqiqlandi. Turkiya Radio va televideniye oliy kengashi rahbari Abubakr Shahin teleradiokompaniyalardan norozilik namoyishlarini jonli efirda uzatmaslikni talab qildi. Shahin agarda bu talabga rioya qilinmasa, ularning litsenziyalari bekor qilinishi bilan ogohlantirdi. Mazkur ogohlantirishdan keyin Turkiyaning yetakchi telekanallari, xususan, TRT Haber, NTV, CNN Turk kabilar norozilik namoyishlarini jonli efirga uzatishni to‘xtatgan. Biroq ba’zi telekanallar, jumladan, xususiy Halk TV norozilik namoyishlari o‘tayotgan joylardan jonli efirni davom ettirmoqda.
Yuqorida alohida qayd etilgan qizil chiziqlar masalasi esa jiddiylashyapti. Vaziyat Erdo‘g‘anning ommaviy tarzda haqoratlanishigacha borib yetdi. 25 martga o‘tar kechasi Istanbulning Sarachxona tumanidagi namoyishlarda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va uning oilasi, jumladan marhum onasini haqorat qilgan 41 kishi hibsga olindi. Shu munosabat bilan prokuror “Prezidentni haqorat qilish”, “Miting va namoyishlar o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunni buzish”, “Mansabdor shaxslarga qarshilik ko‘rsatish” moddalari bo‘yicha gumonlanuvchilarni qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqargan. Istanbul xavfsizlik boshqarmasi xodimlari muvofiqlashtirilgan operatsiya o‘tkazib, o‘sha 41 gumondorni qo‘lga olgan. Rasmiylar kelgusida shunga o‘xshash hodisalarning oldini olish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rilishini aytdi. Bundan tashqari, hukumat va huquq-tartibot idoralari bundan buyon ham vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishi, davlat institutlari va ularning vakillariga qarshi qaratilgan har qanday ig‘vo va haqoratlarga chek qo‘yishi bildirildi. Erdo‘g‘an ham bunday rasvogarchilikka nisbatan qat’iy ogohlantirish bilan chiqdi. 25 mart kuni universitet talabalari bilan o‘tkazilgan iftorlik paytida Turkiya Prezidenti namoyishlarda qatnashayotganlarni ogohlantirdi. U namoyishga chiqqanlar va bu yo‘lni tutganlar uchun qonuniy chora ko‘rilishi, davlatga qarshi qilingan harakatlarga javob berilishini aytdi. Namoyishlarga munosabat bildirgan Erdo‘g‘an ushbu voqealarni yo‘l-yo‘lakay G‘arb bilan ham solishtirib o‘tdi.
“Mamlakatimizda aytilgan vandalizm va haqoratlarning mingdan biri G‘arb davlatlarida sodir bo‘lganida, jinoyatchilarning holi nima bo‘lishini ko‘ring. Ayniqsa, politsiyaga, adliya a’zolariga, mamlakat ma’murlariga yomonlik bilan hujum qilganlar darhol ishdan bo‘shatiladi”, degan u.
Shuningdek, davlat rahbari namoyishchilar va muxolifatning demokratiyadan tushunchasi yo‘qligini aytgan va hammani o‘z chegarasini bilishga chaqirgan.
“Hammani o‘z chegarasini bilishga, o‘lchovni saqlashga, adolat izlash bilan haqorat va vandalizm o‘rtasidagi chegarani kesib o‘tmaslikka chaqiraman. Buning teskarisini qilgan va aytganlar nafaqat o‘ziga, balki shu mamlakat va millatga ham eng katta zarar keltiradi”, deya ogohlantirish bergan davlat rahbari.
“Kim Istanbulni qo‘lga kiritsa, o‘sha butun Turkiyani ham qo‘lga olgan bo‘ladi”.
Bu so‘zlar Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anga tegishli jumlalardir. Bugun mamlakatni u boshqarayotgan va uning partiyasi hukmronlik qilayotgan bo‘lsa-da, Istanbul mana necha yillardirki, muxolifat qo‘lida. Ortda qolgan kunlarda shahar hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qaramay, Istanbul baribir muxolifat qo‘l ostida qoldi. Muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi vakili Nuri Aslan Ekrem Imomo‘g‘lining yo‘qligida Istanbul hokimi vazifasini bajaruvchi etib saylandi. Hokim vazifasini bajaruvchi Nuri Aslan bu bo‘yicha o‘tkazilgan saylovning uchinchi bosqichida muvaffaqiyat qozongan. Aslanning raqibi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi nomzodi Zeynel Abidin edi. 314 deputatdan iborat shahar parlamentida Jumhuriyat Xalq partiyasi 186 o‘ringa, “Adolat va taraqqiyot” partiyasi esa 120 o‘ringa ega. Qolgan 8 ta o‘rin esa boshqa partiyalar va mustaqil deputatlar o‘rtasida taqsimlangan. Mazkur sharoitda hokimlik uchun saylov 3 turgacha cho‘zildi. Jumhuriyat xalq partiyasining 10 nafar vakili Imomo‘g‘li kabi hibsda bo‘lgani bois bu ovoz berish jarayonida ishtirok eta olmadi va muxolifat nomzodi dastlabki ikki turda 176 ta ovozga ega bo‘ldi. Uchinchi turda oddiy ko‘pchilik yetarli bo‘ldi va Aslan 177 ovozni qo‘lga kiritgan holda vaqtincha Istanbul hokimi vazifasini bajaruvchi etib saylandi.
Tashqariga chiqqan Oq uydagi “g‘iybatlar”
Joriy hafta Tramp ma’muriyatida qiziq ishlar bo‘ldi. Aniqrog‘i bu voqealar bundan bir necha hafta oldin, Yamanga zarbalar berilgan paytda sodir bo‘lgan, ammo joriy hafta ommaga ma’lum qilindi. Gap shundaki, Trampga juda yaqin mulozimlardan biri, bo‘lib ham Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uolts yosh bolalarcha xatoga yo‘l qo‘ydi va bir jurnalistga AQSH yuqori martabali mulozimlarining maxfiy chatiga kirish imkoniyatini tortiq qildi. Ma’lum bo‘lishicha, Mayk Uolts “Atlantic” nashri muharririni tasodifan maxfiy onlayn chatga qo‘shib yuborgan. Ushbu chatda AQSHning yuqori martabali amaldorlari Yamandagi husiylarga qarshi maxfiy harbiy zarbalar haqida fikr almashgan. Bu hodisa haqida birinchi bo‘lib “Atlantic” nashri muharriri Jeffri Goldbergning o‘zi keng qamrovli maqolasida ma’lum qildi. Keyinchalik esa Oq uy ham ushbu ma’lumotni tasdiqladi. Signal messenjerida bo‘lib o‘tgan ushbu yozishmada AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset, Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uolts, AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens va boshqa yuqori martabali amaldorlar qatnashgan. Ushbu muhokamalar aynan 15 mart kuni AQSH tomonidan Yamandagi husiylarga qarshi uyushtirilgan keng ko‘lamli zarbalar haqida bo‘lgan.
Jeffri Goldbergning so‘zlariga ko‘ra, 11 mart kuni u Signal orqali Maykl Uolts ismli foydalanuvchidan qo‘shilish so‘rovini olgan. Dastlab Goldberg bu haqiqiy Uolts emas, balki uni tuzoqqa tushirishga urinish deb o‘ylagan. Chunki Goldberg hozirgi kunda shunday holatlar ko‘p uchrashi, turli shaxslar va jurnalistlarning o‘zlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish maqsadida shu kabi yo‘l tutish holatlari mavjudligi uchun dastlab ikkilangan. Shunga qaramay, chatga qo‘shilgan. Balki bu haqiqatdan ham AQSH Prezidentining Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts bo‘lib, u Ukraina, Eron yoki boshqa dolzarb mavzular bo‘yicha gaplashmoqchi bo‘lgandir, deb taxmin qilgan. Oradan ikki kun o‘tib, unga husiylar muammosini muhokama qilish uchun maxsus chatga qo‘shilgani haqida xabar kelgan. Goldbergning ta’kidlashicha, keyingi kunlarda u AQSH harbiy kuchlari, Yaqin Sharqdagi harbiy operatsiyalar va strategik qarorlar bilan bog‘liq yuqori darajadagi maxfiy ma’lumotlarga guvoh bo‘lgan. Chatdagi yozishmalar turli foydalanuvchilardan, jumladan, Jeyms Devid Vens va Pit Hegset tomonidan yozilgan.
“Ular meni guruhga qo‘shganlarini bilishganmi? Meni ataylab qo‘shishganmi? Agar yo‘q bo‘lsa, ular meni kim deb o‘ylashgan? Men chatga qo‘shilgan yoki undan chiqqan vaqtimda kimdir buni tushunib yetdimi? Tramp ma’muriyatining yuqori amaldorlari Signal messenjeridan nozik muhokamalar uchun muntazam ravishda foydalanishadimi? Agar bu chatga men emas boshqa kimdir qo‘shilganida AQSH uchun qanchalik katta zarar yetishi mumkinligini angladim”, deya eslaydi Goldberg.
Goldberg Maykl Uolts davlatning xavfsizlik bo‘yicha bir necha qoidalarini buzganligi, Signal platformasi harbiy operatsiyalarni muhokama qiladigan joy emasligini ham ta’kidladi. Xavfsizlik bo‘yicha ekspertlar esa AQSH rasmiylarining maxfiy ma’lumotlarga bo‘lgan beparvoligini tanqid qilib, buni o‘ta ehtiyotsizlik deb atadi.
“Men hech qachon bunday qoidabuzarlikni ko‘rmaganman. Signal ko‘pincha uchrashuvlarni rejalashtirish yoki boshqa logistik masalalar uchun ishlatiladi. Ammo u hech qachon muhim harbiy operatsiyalarni muhokama qilish uchun ishlatilmaydi. Eng qizig‘i, men kabi jurnalist hech qachon bunday maxfiy muhokamalarga jalb qilinmagan”, deb yozadi u maqolasida.
Maykl Ulots esa Jeffri Goldbergni umuman tanimasligi, ammo ushbu xatolikni to‘liq o‘z zimmasiga olishini aytdi. Mazkur xatolik ortidan Uoltsning Tramp ma’muriyatidagi keyingi taqdiri so‘roq ostida qoldi. Uning qolishi yoki ehtimoliy ketishi haqida qator savollar paydo bo‘ldi. Biroq CNN o‘z manbalariga tayanib, AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uoltsni harbiy ma’lumotlar sizdirilishi tufayli ishdan bo‘shatish niyatidamasligini ma’lum qildi. Keyinchalik Tramp ham Ulots bu xatodan xulosa chiqarganini aytdi. Trampning mazkur mojaro yuzasidan bayonot berib, jurnalist qanday qilib bu chatga qo‘shilganini ochiqladi. Uning ta’kidlashicha, “Atlantic” nashri bosh muharriri Jeffri Goldbergning raqami Mayk Uoltsning qo‘l ostidagilaridan birining telefonida saqlangan va kutilmaganda jurnalistga chatga qo‘shilish so‘rovi yuborilgan.
“Biz ishonamizki, kimdir buning uchun ruxsat olgan holda liniyada bo‘lgan. Maykl Uolts bilan aloqador kimdir, uning qo‘l ostida past darajada ishlagan kimdir. Men tushunganimdek, uning telefonida Goldbergning raqami bo‘lgan. Va negadir bu yigit chatga qo‘shilgan”, dedi Tramp sodir bo‘lgan voqea sabablari haqida gapirar ekan.
Isroil genotsid masshtabini kengaytirmoqda
19 yanvardan kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi tugaganidan so‘ng 18 mart kuni erta tongdan boshlab, Isroil G‘azo sektorida o‘zining qonli intensiv hujumlarini qaytadan boshlagandi. Bugunga kelib esa Isroil armiyasining eng yirik 36-zirhli diviziyasi ishg‘olni kengaytirishga tayyorgarlik ko‘rish uchun joylashtirilgani ma’lum qilindi. Isroil qo‘shining mazkur qismi, ya’ni 36-zirhli diviziya avvalroq G‘azo shimoli va Livan janubiga qilingan hujumlarda ham qatnashgan. 18 mart kuni Isroil armiyasi G‘azodagi qirg‘inni qayta jonlantirgandan buyon yuzlab oddiy aholi bilan bir qatorda HAMAS qo‘mondonlarini ham yo‘q qilishda davom etyapti. Joriy hafta Isroil armiyasi HAMAS harakatining ikki qo‘mondonini o‘ldirganini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir necha kun ichida SAXAL va xavfsizlik xizmati (SHABAK) G‘azo sektorida HAMAS ob’ektlari va askarlariga zarba bergan. Bombardimonlar davomida G‘azo brigadasi qo‘mondonining o‘rinbosari Ahmad Shimali va “Shudjaiya” bataloni qo‘mondoni Jamil Vadiya o‘ldirilgan. Ulardan biri Ahmad Shimali harakat ichida juda muhim o‘rin tutgani aytiladi. U HAMASning 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumini rejalashtirish, hujum strategiyasini ishlab chiqish hamda “G‘azo” brigadasi kuchlarini safarbar etish bilan shug‘ullangan. Bu Isroilning G‘azodagi qirg‘inlari qayta tiklanganidan so‘ng HAMAS ichida yo‘q qilgan uchinchi harbiy rahbaridir. Bundan oldin ular G‘azo sektori janubida HAMAS harakatining harbiy razvedka boshlig‘i Usama Tabashni o‘ldirgandi. Tabash yuqori martabali HAMAS vakili hisoblanib, tashkilot uchun muhim operativ bilim manbai bo‘lgan. U HAMASda turli rahbarlik lavozimlarida, jumladan, Xon Yunus brigadasida batalon qo‘mondoni sifatida ham ishlagan.
Isroil Mudofaa vaziri Kats esa HAMAS tomonidan garovga olinganlarning barchasi ozod qilinmaguncha, mazkur harakatlar davom etishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil go‘yoki HAMASga qarshi kurashmoqda, biroq G‘azodagi tinch aholiga qarshi harakat qilmayapti va zararni minimallashtirish uchun xalqaro huquq talab qiladigan hamma narsani qilmoqda. Ammo Kats har safar shu kabi qandaydir ertaklar to‘qib chiqarmasin, raqamlar va asl voqelik barchasini yaqqol ochiqlab beradi. Jumladan, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi yakunlanib, Isroilning sektordagi qirg‘ini qaytadan start olgandan buyon, hududda 700 ga yaqin falastinlik o‘ldirildi. Ularning aksar qismi keksalar, ayollar va bolalar edi. Bundan tashqari, yahudiy davlatining 19 martdan buyon davom etayotgan genotsidi ortidan yana 1200 dan ortiq g‘azoliklar yaralangan.