Kubatinning opasi DXXni ukasiga tazyiq o‘tkazganlikda ayblab, Mirziyoyevga shikoyat yo‘lladi

Jamiyat

image

Tarixchi, sharqshunos olim Andrey Kubatinning opasi Klara Saxarova ukasiga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazilganini bayon qilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga shikoyat yo‘llagan. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Matbuot xizmati xabar bermoqda

Fuqaro Klara Saxarovaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yo‘llagan shikoyatida 2017 yil 25 martda O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan ukasi Andrey Kubatinga nisbatan Jinoyat kodeksining 157-moddasi (Davlatga xoinlik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov davomida Andrey Kubatinga DXX xodimlari tomonidan ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazilishi natijasida u o‘zi sodir qilmagan jinoyatiga iqror bo‘lgani, 2017 yil 1 dekabrda esa Respublika Harbiy sudi hukmiga asosan JKning 157-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 11 yil muddatga ozodlikdan maxrum qilingani haqida bayon etilgan. 

Shuningdek, shikoyatda Klara Saxarova Andrey Kubatin 2019 yil 26 sentyabrda jinoyat ishlari buyicha Toshkent viloyati sudi tomonidan oqlanib, ozodlikka chiqarilgani, 2020 yilda esa COVID-19 virusi bilan kasallanib, 2020 yil 27 oktyabr kuni vafot etganini ta’kidlab, ukasiga nisbatan tergov jarayonida ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazgan DXX xodimlari harakatlariga qonuniy baho berilishini so‘ragan.
 
Aniqlanishicha, mazkur murojaat yuzasidan joriy yil 9 fevral kuni DXX tergov boshqarmasi tomonidan ushbu tergov harakatlarida qatnashgan DXX xodimlari harakatlari qonuniyligini har tomonlama o‘rganib chiqish maqsadida tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. 

Ish materialaridan ma’lum bo‘lishicha, Andrey Kubatin 2017 yilning 10 aprelidan 2017 yil 14 sentyabrga qadar tergov hibsxonasida saqlangan. 

Hibsxonaga joylashtirish va chiqib ketayotgan vaqtida uning badanida jismoniy jarohatlar kuzatilmagan, u sog‘lig‘i bo‘yicha hech qanday shikoyat bilan murojaat qilmagan va uning sog‘lig‘i, ruhiy holati mutaxassislar tomonidan ijobiy baholangan. 

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruvda ushbu jinoyat ishi qonun doirasida o‘tkazilganligi xamda fuqaroga huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan hech qanday jismoniy yoki ruhiy tazyiq o‘tkazilmaganligi aniqlanib, natijasiga ko‘ra jinoyat ishini ko‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, marhum Andrey Kubatinga nisbatan to‘plangan tergovga qadar tekshiruv materiallari O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan nazorat  tartibida o‘rganilib, jinoyat ishini ko‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qarorni bekor qilish uchun asoslar topilmagan.

Eslatib o‘tamiz, tarixchi, sharqshunos olim Andrey Kubatin 2017 yilda harbiy sud tomonidan Vatanga xiyonat qilishda aybdor deb topilib, 11 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

2019 yil 26 sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi turkolog va tarixchi olim Andrey Kubatinni oqlash haqida qaror chiqardi. 35 yoshli Andrey Kubatin ishi huquq faollari va ilmiy jamoatchilik o‘rtasida noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Andrey Kubatin 2020 yilning 29 oktyabr kuni koronavirus asoratlaridan vafot etdi.

Avvalroq, Bosh prokuratura Andrey Kubatinning o‘limi bo‘yicha jinoiy ish ochishni rad etgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

373

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing