Yana bir loyiha muhokamaga qo‘yildi. Unda stipendiya haqida nima deyilgan?

Jamiyat

image

Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartiblarga muvofiq davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalar tegishli nizomlar asosida davlat stipendiyalarini olishga haqli. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Oliy ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qaror loyihasida keltirib o‘tilgan.

Hujjatda Oliy ta’lim muassasalari talabalarining quyidagi huquqlari belgilab qo‘yildi.

•  fan, texnika va zamonaviy texnologiyalar, iqtisodiyot va madaniyat rivojlanishining hozirgi zamon darajasiga muvofiq ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari o‘quv reja va o‘quv fan dasturlarini yanada takomillashtirish yuzasidan oliy ta’lim muassasasi rahbariyatiga taklif berish;

•  oliy ta’lim muassasalari faoliyati bo‘yicha muhim masalalar muhokamasida qatnashish;

•  kutubxona, axborot resurslari, o‘quv, ilmiy, davolash va boshqa bo‘linmalar xizmatidan oliy ta’lim muassasasi Nizomida belgilangan tartibda bepul foydalanish;

•  ilmiy-tadqiqot ishlarda, anjumanlarda, simpoziumlarda ishtirok etish;

•  ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlagan ishlarni nashrga taqdim etish;

•  oliy ta’lim muassasasi rahbariyati qarorlaridan norozi bo‘lgan taqdirda, shikoyat arizasi bilan murojaat qilish;

•  belgilangan tartibda harbiy ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha ko‘shimcha ta’lim olish.

Kunduzgi va kechki ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarga muddatli harbiy xizmatga va safarbarlik chaqiruv rezerv xizmatiga chaqirishdan kechiktirish bo‘yicha taqdimnoma oliy ta’lim muassasasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarida ko‘zda tutilgan holatlardan tashqari o‘quv jarayoni bilan bog‘lik bo‘lmagan ishlarga o‘qish vaqti hisobiga talabalarni jalb etish man etiladi.

Talabalar ta’lim dasturlarida belgilangan bilimlarni olishlari, o‘quv rejada tavsiya etilgan asosiy va ko‘shimcha o‘quv fanlari hamda tanlov fanlarini o‘zlashtirishi, o‘quv rejasida nazarda tutilgan barcha turdagi mashg‘ulotlarda berilgan topshiriqlarni belgilangan muddatda bajarishlari, oliy ta’lim muassasasi Nizomiga, ichki tartib va Talabalar turar joylari qoidalariga rioya qilishlari shart.

Kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda stipendiya bilan ta’minlanishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartiblarga muvofiq davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lgan talabalar tegishli nizomlar asosida davlat stipendiyalarini olishga haqlidir.

Harbiy xizmatni o‘tash, sog‘ligini tiklash davrida, homiladorlik va tug‘ish bilan bog‘liq ta’til yoki bola parvarishi uchun talabalarga belgilangan tartibda akademik ta’til beriladi.

O‘quv rejasi talablarini uzrli sabablarga ko‘ra bajara olmagan talabalarga akademik qarzdorliklarni bartaraf etish uchun individual jadval taqdim etiladi.

Talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

Boshqa shaharlardan kelgan va turar joyga muhtoj talabalarga Talabalar turar joyidan o‘rnatilgan tartibda belgilangan muddatga joy beriladi.

Turar joyga muxtoj talabalar bor vaqtda Talabalar turar joylaridan qonunchilikda belgilanmagan maqsadda (ijaraga berish va hokazo) foydalanish man etiladi.

Kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarga o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida (yarim stavkadan ortiq bo‘lmagan hajmda) mehnat shartnomasi bo‘yicha oliy ta’lim muassasasida yoki boshqa tashkilotlarda ishlashga ruxsat beriladi.

Talabalarning boshqa huquqlari va majburiyatlari amaldagi qonun hujjatlarida hamda oliy ta’lim muassasasi Ustavida belgilanishi mumkin.

Shahnoza To‘ramurotova

 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Vazirlar Mahkamasi

Baholaganlar

39

Reyting

2.7

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing