Kubada to‘rtinchi bor to‘liq blekaut yuz berdi

Olam

image

Kubada kecha, 10 iyul kuni yana butun mamlakat bo‘ylab elektr energiyasi butunlay o‘chib qoldi. Bu joriy hafta ichida kuzatilgan ikkinchi yirik blekaut bo‘ldi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, elektr energiyasi tizimidagi uzilish Santa-Klara va Sankti-Spiritus provinsiyalarini bog‘lovchi elektr uzatish tarmog‘idagi nosozlik ortidan yuzaga kelgan. Mamlakatning Elektr energetikasi ittifoqi hodisani tasdiqlagan.

Kuba hukumati elektr tarmog‘ining izdan chiqishiga eskirgan infratuzilma va yonilg‘i tanqisligi sabab bo‘layotganini bildirgan. Mamlakatdagi ayrim elektr stansiyalari 30 yildan ortiq vaqtda qurilgan bo‘lib, ular uzoq yillardan buyon yetarli darajada ta’mirlanmagan.

Bosh vazir Manuel Marreroning aytishicha, mamlakat ketma-ket yuz bergan elektr uzilishlari, elektr stansiyalari uchun yonilg‘i yetishmasligi hamda bir nechta energoblokning ishdan chiqishi tufayli og‘ir haftani boshdan kechirmoqda.

Rasmiylar ayrim hududlarda elektr ta’minotini tiklash ishlari boshlanganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 iyul kuni ham Kubada butun mamlakatni qamrab olgan yirik blekaut yuz bergan edi. Kechagi hodisa esa joriy yil boshidan buyon mamlakatda kuzatilgan to‘rtinchi keng ko‘lamli elektr uzilishi bo‘lgan.

Shu bilan birga, Kuba hukumati AQSHning energetika sohasiga qo‘ygan cheklovlari ham vaziyatni yanada murakkablashtirayotganini ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing