Kubada kuchli zilzila sodir bo‘ldi
Olam
−
11 noyabr
4483Kecha, 10 noyabr kuni Kuba sharqida kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda AQSH Geologik xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Kubaning janubi-sharqiy sohilida, Bartolome Maso munitsipaliteti yaqinida 14 kilometr chuqurlikda 6,8 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan.
Mazkur hodisadan taxminan bir soat avval unga yaqin hududda 5,9 magnitudali zilzila qayd etilgan.
“Ko‘chkilar yuz berdi, uylar va elektr uzatish tarmoqlariga zarar yetdi. Biz zararni baholashga kirishdik. Birinchi navbatda va eng muhimi – hayotni saqlab qolish”, deb yozdi Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel X ijtimoiy tarmog‘ida.
Mahalliy aholi jurnalistlarga bu ularning xotirasida qolgan eng kuchli zilzila ekanligini aytdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, uylar va binolar kuchli silkingan, idish-tovoq, stakan va vazalar javonlardan tushib ketgan.
Hokimiyat organlari zarar ko‘rgan hududlar aholisini takroriy silkinishlar sodir bo‘lgan taqdirda ochiq joylarda qolishga chaqirgan.
Kubalik seysmologlarga ko‘ra, zilzilaning kuchli bo‘lganiga qaramay, sunami xavfi yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 oktyabr kuni Turkiyaning Malatya shahri Kale tumanida, 5,9 magnitudali zilzila sodir bo‘lgandi. Zilzila chuqurligi – 10,07 kilometr, epimarkazi Malatya shahridan 47 km sharqda joylashgan. Bu Diyorbakir va Elyazig kabi qo‘shni viloyatlarda ham sezilgan.
Muhammad Hodiyev
LiveBarchasi