Kuba parlamenti tarixiy islohotlar paketini ma’qulladi

Olam

image

Joriy yilning 18 iyun kuni Kuba Milliy assambleyasi mamlakat sotsialistik iqtisodiyotining salmoqli qismini xususiylashtirishni nazarda tutuvchi islohotlar paketini bir ovozdan qabul qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, hujjatni hukmron Kommunistik partiya va mamlakatning sobiq yetakchisi Raul Kastro qo‘llab-quvvatlagan. Agar ushbu chora-tadbirlar e’lon qilingan shaklda amalga oshirilsa, bu Kuba modelining 1959 yilgi inqilobdan keyingi eng yirik o‘zgarishi va bozor iqtisodiyotiga burilish bo‘ladi.

Islohot xususiy ko‘chmas mulk qurilishiga yo‘l ochadi, davlat korxonalarini aksiya va ulushlarga ega bo‘lgan xususiy tijorat kompaniyalariga aylantirish imkonini beradi, shuningdek, uzoq vaqt davomida davlat monopoliyasi bo‘lib kelgan moliya sektoriga xususiy banklarni kiritadi. Hujjat, shuningdek, davlat mulkini Kuba va xorijlik yuridik hamda jismoniy shaxslarga, jumladan, chet elda yashayotgan kubaliklarga sotishga ruxsat beradi. Bu haqda deputatlarga ovoz berishdan oldin namoyish etilgan televizion taqdimotda ma’lum qilingan.

Ovoz berishdan avval Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel deputatlarni mamlakatning sotsialistik o‘tmishiga sodiq qolishga chaqirgan. 

“Bu yerda dunyoning eng qudratli davlati tomonidan tarixdagi eng uzoq davom etgan blokadani boshdan kechirgan sotsialistik qurilish jarayonini qanday davom ettirish kerakligi haqidagi dilemma muhokama qilinmoqda. Biz sotsializmdan voz kechmayapmiz”, deydi u.

Bosh vazir Manuel Marrero bozorni “resurslarni samarali taqsimlash vositasi” deb atagan. Bu esa, qayd etilishicha, Kuba kommunist rasmiysi uchun nodir iboradir. Bosh vazir 175 dan ortiq chora-tadbirlardan iborat ro‘yxatni deputatlarga deyarli ikki soatlik nutqi davomida taqdim etgan va undan so‘ng Milliy assambleya hujjatni bir ovozdan ma’qullagan. Yangi choralar qanchalik tez va qaysi mexanizmlar orqali amalga oshirilishi hozircha noma’lum.

“Reuters”ning yozishicha, Kuba iqtisodiyotini liberallashtirish bo‘yicha taklif etilgan ushbu choralarning aksariyati mamlakat ichida va tashqarisida yillar davomida muhokama qilib kelingan, biroq aynan AQSHning qattiq bosimi ularni yana birinchi planga olib chiqqan. Kubaning byurokratik va samarasiz bo‘lgan davlat iqtisodiyoti Kuba sotsializmini uzoq yillar davomida qo‘llab-quvvatlagan Sovet Ittifoqi parchalanganidan beri qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Tramp ma’muriyatining sanksiyalari, jumladan, bir necha oylik neft blokadasi Kubaga harakat qilish uchun juda kam imkoniyat qoldirgan: orol iqtisodiyotini inqirozga uchratgan, xorijiy biznesning chiqib ketishiga sabab bo‘lgan va turizm sohasini deyarli butunlay barbod qilgan. Dias-Kanel iqtisodiyotni ochish qarori Kuba va AQSH o‘rtasida shu yil boshlangan, biroq, aftidan, boshi berk ko‘chaga kirib qolgan “muzokaralar bilan bog‘liq emasligini” aytgan.

Joriy yil may oyida AQSH tomonidan qotillikda ayblangan Raul Kastro islohotlarni qo‘llab-quvvatlagan. U 17 iyun kuni siyosiy byuroga, so‘ngra 18 iyun kuni deputatlarga taqdim etilgan maktubida ushbu choralarni foydali deb atagan va ularni tezroq amalga oshirishga chaqirgan. Bu paket, shuningdek, ilk bor Kuba biznesiga 100 dan ortiq xodimni ishga yollashga ruxsat beradi va tadbirkorlarga bir vaqtning o‘zida bir nechta xususiy kompaniyaga egalik qilish imkonini taqdim etadi. Marreroning so‘zlariga ko‘ra, xususiy kapital harakati davlat nazorati ostidagi yanada moslashuvchan bank tizimi va vakolatli agentlarga ega real vaqt rejimidagi raqamli valyuta bozori orqali ta’minlanadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing