“Krokus” terakti: Moskva sudi 12 nafar gumonlanuvchining hibsda qolish muddatini uzaytirdi

Olam

image

Moskvaning Basmanniy sudi “Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir etilgan terakt ishi bo‘yicha yana to‘rt nafar gumonlanuvchini hibsga olish muddatini uch oyga uzaytirdi. Bu haqda Moskva umumiy yurisdiksiya sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Aminxon, Dilovar va Isroil Islomovlar hamda Alisher Qosimovlarning hibsga olish muddati 22 avgustga qadar uzaytirildi. Ularning hibsga olish muddati 22 may kuni tugagan edi.

Bir kun avval sud ish bo‘yicha sakkiz nafar ayblanuvchi, jumladan, teraktning bevosita qatnashchilari deb gumon qilinayotganlarni hibsga olish muddatini ham 22 avgustga qadar uzaytirgan.

Islomovlar Jinoyat kodeksining 205-moddasi (terrorchilik hujumi) 3-qismi “b” bandi bilan ayblanmoqda. Ularga umrbod qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Ularning uchalasi ham hujumdan bir necha kun o‘tib, 25 mart kuni hibsga olingan. Ayblanuvchilar hibsga olinishi yuzasidan apellyatsiya berishga harakat qilgan, biroq bu natija bermagan.

Aminxon va Dilovar Islomovlar aka-uka, Isroil Islomov ularning otasi. Tergovning fikricha, ularning uchalasi ham terakt tayyorlashda yordam bergan. Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikinning ta’kidlashicha, Islomovlar oilasi hujum qilganlarga yashash uchun kvartira va mashina taqdim etgan, shuningdek, pul ham olib ketgan.

Ayblov tomoniga ko‘ra, gumonlanuvchi Alisher Qosimov Avito xizmati orqali terakt sodir etganlardan biriga kvartirani ijaraga bergan.

Ma’lumot uchun, “Krokus Siti Holl”dagi terakt joriy yilning 22 mart kuni sodir bo‘lgan – qurolli shaxslar konsert zaliga bostirib kirib, odamlarga qarata o‘q uzishni boshlagan. Ular binoga o‘t qo‘yib, qochib ketgan. Terakt oqibatida 145 kishi halok bo‘ldi, 550 dan ortiq kishi jarohatlandi. Hujum uchun javobgarlikni ISHIDning "Viloyati Xuroson" guruhi o‘z zimmasiga oldi.


Maqola muallifi

Teglar

terakt Krokus Siti Holl gumonlanuvchilar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing