“Krokus”dagi terakt ishi bo‘yicha 12-ayblanuvchi hibsga olindi
Olam
−
17 aprel
8603Moskvadagi Tver tuman sudi “Krokus Siti Holl”dagi terakt ishida ikki ayblanuvchini soxta ro‘yxatga olishda ayblanayotgan Rossiya va Tojikiston fuqarosini ikki oyga hibsga oldi. Bu haqda “Meduza” xabar berdi.
Sud matbuot bayonotida ayblanuvchi Ashurov deb ko‘rsatilgan. U Jinoyat kodeksining 322.2-moddasi bilan yashash joyi bo‘yicha soxta propiska qilishda ayblanmoqda.
Ayblovga ko‘ra, Ashurov aka-uka Dilovar va Aminxon Islomovlarni soxta ro‘yxatga olgan. Ular 22 mart kuni “Krokus Siti Holl”ga hujum qilgan terrorchilarni kvartira va mashina bilan ta’minlash, shuningdek, pullarini olib o‘tishda ayblanmoqda. Ularning ikkalasi ham terrorchilikda ayblanib hibsga olingan.
Sud xulosasida aytilishicha, Ashurov o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Uning Tojikistonda yaqin qarindoshlari yashaydi, shuning uchun tergovchilar qochib ketishidan qo‘rqib, suddan uni hibsga olishni so‘ragan.
Soxta ro‘yxatga olish moddasi bo‘yicha maksimal jazo uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilishdir.
Eslatib o‘tamiz, Dilovar va Aminxon Islomovlar hamda ularning otasi Isroil Islomov 25 mart kuni, teraktdan uch kun o‘tib hibsga olingan edi. Bu vaqtga kelib, to‘rt nafar asosiy gumonlanuvchini 22 mayga qadar qamoqda saqlash haqida sud qarori chiqqandi. Tergovchilarning aytishicha, Islomovlar dastlab qo‘lga olingan 4 nafar gumonlanuvchiga mashina va uy-joy bilan yordam bergan. Keyinchalik terakt ishtirokchilariga kvartirani ijaraga berganlikda ayblanayotgan Qirg‘izistonda tug‘ilgan Rossiya fuqarosi Alisher Qosimov ham hibsga olindi. Aprel oyi boshida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati xodimlari Moskva, Yekaterinburg va Omsk shaharlarida “Krokus Siti Holl”dagi teraktga aloqadorlikda gumon qilingan yana uch nafar shaxsni qo‘lga oldi.
LiveBarchasi